2016 yilning sentabrida SpaceX kompaniyasining ijrochi direktori Ilon Mask Mars sayyorasini fath etishga oid ulkan rejalari haqida ma'lum qilgandi. Shu haftada u jamoatchilikni yana bir yangilik - 2018 yilning oxirida SpaceX Oyga ikki insonni chiqarishini e'lon qilib, hayratga soldi. Biroq endi Oyga chiqishni maqsad qilgan faqatgina Mask emasligi ayon bo‘ldi. Hi-News shu haqida xabar berdi.
Amazon va Blue Origin kabi kompaniyalar asoschisi hamda milliarder Jyeff Bezos Yer va Oy o‘rtasida haqiqiy transport liniyasini yo‘lga qo‘yib, u yerga yuklar hamda odamlarni yo‘llamoqchi ekanligini ma'lum qildi. Bezosning rejalariga ko‘ra, Oyga uchuvchisiz parvozlar 2020 yilning iyulida boshlanadi. The Washington Post shu haqida xabar bergan.
Manbaga ko‘ra, Blue Origin kompaniyasi 7 sahifali hujjat tuzib, uni NASA aerokosmik agentligiga hamda AQSh prezidenti Donald Trampning jamoasiga yo‘lladi. Amazon rahbari mazkur hujjatda NASA'dan "xususiy sektor e'tiborini Oyga turli yuklarni yetkazish imkoniyatlariga e'tibor qaratish bo‘yicha" tashabbus kampaniyasini ishga tushirishni so‘ragan. Unda bunday biznesning samaradorligi va jozibadorligi kompaniyaga NASA ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ekspert yordami va qo‘llab-quvvatlash darajasiga bog‘liqligi ta'kidlanadi.
"Bizning suyuq vodorod bilan ishlash hamda vertikal qo‘nishga oid bilim va tajribalarimiz Oyga qo‘nish missiyasini tezroq amalga oshirish imkonini beradi", - deb yozgan Bezos.
"Bu loyihani amalga oshirishga ishtiyoqim baland va men NASA ko‘magida unga o‘zimning shaxsiy pullarimni sarmoya qilishga tayyorman", - deya qo‘shimcha qildi milliarder.
Bezosning rejasiga ko‘ra, «Blue Moon» modulini (hozircha faqat g‘oya ko‘rinishida bo‘lgan) Oyning janubiy qutbiga NASA'ning «SLS», «Atlas-5» raketa-tashuvchilari yoki o‘zining «New Glenn» raketa-tashuvchisi yordamida yetkazish mumkin. Qurilmaning o‘zi esa quyosh batareyalari bazasida ishlaydi.