Jahon | 22:34 / 02.03.2017
10026
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiyaning Suriyadagi navbatdagi maqsadi qaysi shahar ekanini aytdi

Foto: AP

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2 mart, payshanba kuni Turkiyaning Suriyadagi keyingi maqsadi Manbij va Raqqani ozod qilish ekanini ma'lum qildi. Bu haqida Daily Sabah nashrida xabar berildi

Erdo‘g‘an Pokistondan qaytayotgan prezident samolyotida jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda Turkiya o‘z chegarasida mustaqil terrorchi davlatlarning mavjudligiga yo‘l qo‘ymasligini tasdiqladi. 

"Al-Bobni terrorchilardan ozod qilingandan keyin Turkiyaning Suriyadagi yangi maqsadi Manbij shahri bo‘ladi. Manbij arablarga tegishli shahar va u yer Raqqa bo‘lishi kerak emas", - dedi Erdo‘g‘an. 

AQShning qo‘llab-quvvatlashiga doir savolga javob berar ekan, Erdo‘g‘an shunday dedi:

"Ularning shtab rahbari (general Jozef Danford) va Markaziy razvedka boshqarmasining yangi rahbari (Mayk Pompeo) Turkiyaga kelishdi va biz ularga SDF Raqqadagi operatsiyada bo‘lmasligi kerakligini aytdik. Turkiya o‘z chegaralarida qurollangan terrorchilarning mavjudligiga yo‘l qo‘ymaydi", - dedi prezident. 

Erdo‘g‘an zarurat tug‘ilgan taqdirda, Turkiya bu maqsadi yo‘lida Rossiya bilan hamkorlik qilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, u Turkiyaning doimiy asosda Suriyaga joylashib olish niyati yo‘qligini ta'kidladi. 

23 fevral kuni turk armiyasi va FSA bo‘limlari Suriyaning shimolidagi Al-Bob shahrini IShIDdan ozod qildi. 

Mavzuga oid