Tesla avtomobilsozlik kompaniyasi 22 fevralda 2016 yilning 4-chogari uchun moliyaviy hisobotni taqdim qildi. Hisobotga ko‘ra, kompaniya 121,3 mln dollar ziyon ko‘rgan. Bundan tashqari, Tesla 2017 yil sentabrda yangi modeli Model 3’ning seriyali ishlab chiqarilishini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Los Angeles Times nashri.
2016 yil 3-chorakda Tesla o‘z tarixida birinchi marotaba daromad olganini namoyish qilgan, biroq u shunday natijaga 4-chorakda erishishga muvaffaq bo‘lmadi – tushum 2,28 mlrd dollarni, ziyon esa 121,3 mln dollarni (bir aksiyaga 69 sent ziyon) tashkil qildi. Bir yil avval shu ko‘rsatkichlar mos ravishda 1,24 mlrd dollar va 320 mln dollar bo‘lgan.
Tesla kompaniyasi Model 3 hamyonbop avtomobilidan yil oxirigacha haftasiga 5 mingtadan, 2018 yildan esa 10 mingtadan chiqarishni mo‘ljallamoqda. Avtomobilning narxi 35 ming dollardan boshlanadi va u bir quvvatlanishda 346 km yo‘l bosa oladi. Kompaniya ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun yana uchta Gigafactory zavodini qurmoqchi.
Kompaniyaning modellar qatori hozirda ikkita avtomobil – Model S sedani va Model X krossoveridan iborat. Kompaniya joriy yilning birinchi yarmida ikki modeldan umumiy hisobda 47-50 mingta sotishni rejalashtirmoqda.