Shveytsariyaning Classic Factory kompaniyasi yangi loyihasi – 4 eshikli Elextra superkarining tizerini chop etdi. Hozircha mashinaning faqatgina profilini ko‘rish mumkin. Superkar Jyenevadagi motorshouda ommaviy ravishda namoyish qilinadi.
Kompaniyaning ilk loyihasi – Lyonheart K sportkari 2013 yilda paydo bo‘lgan. Model alyuminiydan yasalgan kuzov, 5 litr hajmga ega 8 silindrli Jaguar dvigateli va 6 pog‘onali "avtomat" uzatmalar qutisini olgan. Bu mashina 0 dan 100 km tezlikka 3,9 soniyada erishadi. Qo‘lda yig‘ilgan sportkar 360 ming yevroga baholangan va undan 250 dona ishlab chiqarilgan.
Elextra loyihasiga kompaniyaning dizayneri va rahbari Robert Palm va daniyalik tadbirkor Poul Sol boshchilik qilmoqda.
"Elextra loyihasining bosh g‘oyasi – eng hashamatli italyan superkarlarini eslatuvchi kuzov ko‘rinishini pastqam futuristik ko‘rinish va eng ilg‘or zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishdan iborat", deb aytdi Palm.
Bu avtomobil haqida shu ma'lumki, u Shveytsariyada loyihalanadi, "dunyodagi eng yaxshi elektr platformada" quriladi va 100 nusxada ishlab chiqariladi. Avtomobillarni "mashinalarni kam nusxada ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi butun dunyoga mashhur kompaniya"ning Shtutgartdagi korxonasida qo‘lda yig‘ish rejalashtirilgan.
To‘rt eshikli Elextra 4 ta o‘rindiq, to‘liq privod bilan jihozlanadi va 100 km/soat tezlikka 2,3 soniyada erisha oladi.