So‘nggi vaqtlarda dron, uchuvchisiz boshqariluvchi qurilma, muqobil transport vositasi kabi iboralardan ko‘proq foydalanilayotgani sir emas. Uchuvchisiz boshqariluvchi qurilma deganda asosan havoda parvoz qiladigan, muqobil qurilma deyilganda yerdagi haydovchisiz o‘ziyurar texnikalar tushuniladi. Ammo, bu borada dengiz ostida ham shunday harakatlanish vositalari mavjudligini unutmaslik lozim.
Biroq, havoda va suv ostida harakatlana oladigan gibrid qurilmalar haqida nima deysiz. Bundaylarini har doim ham uchratavermaysiz. Yaqinda Innocorp kompaniyasi o‘zining SubMurres qurilmasini namoyish etdi.
Gibrid apparati odatdagi havo uchuvchisiz parvoz qurilmalarining ayrim jihatlarini o‘zida mujassam etgan: giroskoplar, uchish uchun ikki juft parrak, havoda harakatlanishga yordam beruvchi «dum» bilan bir qatorda suvosti kemalariga xos xususiyatlarga ham ega. Xususan, cho‘ziq dumaloq korpus, tik va yotiq «rullar», suyuqlikda cho‘kish va harakatchanlikni nazorat qiluvchi qurilmalar va hatto periskop shular jumlasidan. Uchish uchun qo‘llaniladigan to‘rtta parrak suvga tushish vaqtida yig‘iladi va korpus ichiga yashirinadi. Bu esa, suvosti kemasining aerodinamik xususiyatini yaxshilaydi. Bundan tashqari, SubMurres turli datchiklar va kameralar bilan jihozlangan bo‘lib, ular vositasida atrof-muhitdagi holat nazorat qilinadi hamda suratlarga olinib, ma'lumotlar yuboriladi.
Ta'kidlanishicha, ushbu muqobil suvosti va havo dronini energiya bilan ta'minlashda dizel-elektr gibrid dvigatelidan foydalaniladi. Dvigatelning dizel qismidan qurilmani harakatga keltirish va batareyalarni quvvatlashda foydalaniladi. Shu bilan SubMurres uzoq vaqt mobaynida qo‘shimcha quvvat olish va yonilg‘i quyishga ehtiyoj sezmaydi. Dvigatelning biror qismi ishdan chiqqudek bo‘lsa, soz qismi ko‘magida vazifa uddalanadi yoki ta'mirlash uchun bazaga qaytish mumkin bo‘ladi.
Bu gibridni qo‘llash sohalari juda ham kengligi ta'kidlanmoqda. Razvedka amaliyotlaridan tashqari yuklarni suv ostiga yetkazib berish, suv ostida turli xil tajribalarni o‘tkazish, suv ostida qolgan turli buyumlar va obektlarni ko‘tarish va quruqlikdagi bazaga keltirish kabi vazifalarni uddalash mumkin. Bundan tashqari, SubMurres gibridi masofadan boshqariladi.