Finlyandiyaning Nokia telekommunikatsion qurilmalari ishlab chiqaruvchisi va Amerikaning Intel texnologik kompaniyasi AQSh va Finlyandiyada 5G texnologiyasini sinovdan o‘tkazish hamda rivojlantirish laboratoriyasini ochadi. Bu haqida kompaniyalarning qo‘shma relizida ma'lum qilindi.
Shu tariqa kompaniyalar tijorat bozorida yangi simsiz texnologiyaning paydo bo‘lishini tezlashtirishmoqchi. Qo‘shma laboratoriyalar Nyu-Jyersi shtatidagi Myurrey-Hill va Finlyandiyadagi Espooda ishga tushiriladi.
"5G yangi va hattoki hali noma'lum "o‘yinchi"lar uchun ko‘plab tijoriy imkoniyatlar yaratish salohiyatiga ega. Bizning 5G Solutions Lab qo‘shma laboratoriyamiz kompaniyalarni yangi imkoniyatlar yaratishda bebaho resurs bilan ta'minlaydi", - deydi Mobile Networks Products Nokia bo‘limi rahbari Frenk Veyerich.
5G tarmoqlari real vaqt rejimida soniyasiga 10 Gb'dan yuqori tezlikda axborot almashish imkonini beradi - bu 4G tarmoqlaridan 30 karra tezroq degani. Xalqaro elektr aloqa ittifoqi yangi standartni 2020 yilga borib tadbiq qilishni rejalashtirmoqda.