Buyuk Britaniyaning Sotheby’s kimoshdi savdo uyi Amelia Island orolida o‘tkazadigan savdolarida Ferrari 166 MM sportkarini savdo qo‘yishni rejalashtirgan. Sotheby’s axborotnomasida ta'kidlanishicha, savdo 2017 yil 11 mart kuni AQShning Florida shtati Amiliya orolida bo‘lib o‘tadi.
Barkett (eshiklarsiz tomi ochiq kuzovli) uslubidagi qizil rangga bo‘yalgan avtomobil 1950 yilda ishlab chiqilgan. Uning boshlang‘ich narxi 8-10 million dollar atrofida baholanmoqda. Uning birinchi egasi italiyalik poygachi Eudjyenio Kastellotti (1930-1957) bo‘lgan. Taklif etilayotgan qimmatbaho noyob buyum — jami ishlab chiqilgan 32 avtomobilning 27-sidir. Touring atelesining Barkett kuzovida seriyaning 25 dona avtomobili tayyorlangan edi. Ferrari 166 MM ikki marta Mille Miglia poygasida qatnashgan.
Mashinaga original 12 silindrli 140 ot kuchiga ega, 2.0 litrli motor o‘rnatilgan. Lot juda ajoyib holatda va soz ekani ta'kidlangan. Savdo uyining xabariga ko‘ra, avtomobil faqat zaldagilar yoki telefon orqali murojaat qilgan xaridorlarga sotiladi. Internet orqali takliflar qabul qilinmaydi.