Mark Tsukerbergning kelajak, siyosat va iqtisodiyot haqidagi noodatiy fikrlari

Fan-texnika 16:41 / 17.02.2017 11249

Facebook rahbari Mark Tsukerberg “Bi-bi-si”ga bergan intervyusida globallashuv jarayoniga ishonchi qolmagani, prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi emasligi hamda yolg‘on yangiliklar tahdidi haqida gapirib berdi.

Globallashuv haqida

Tsukerbergning fikricha, axborotlar shovqini, jumladan, yolg‘on yangiliklar, o‘ylab topilgan xabarlar hamda xato fikrlar kishilar o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a'zosi emasdek, deb his etishlariga sabab bo‘lmoqda. Ular o‘zlarini jahon voqea va hodisalar kemasidan tashqariga chiqarib tashlangandek sezishmoqda, hamda “birlashgan dunyo” g‘oyasi ularga qiziq emas.

Ishbilarmon bilan intervyu Tsukerbergning Facebook hamjamiyatiga murojaati bilan bir kunda taqdim etildi. Unda u servisning kelajagi va globallashuv jarayoni haqida fikr bildirib, AQSh prezidenti Avraam Linkolnning “ko‘plab insonlarning kelajakka ishonchi so‘nib bormoqda” so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Murojaat asosan Facebook va uning foydalanuvchilari butun dunyo bo‘ylab birgalikda harakat qilishlariga bag‘ishlangan.

“Men Facebook’ga asos soldim. Dunyoni bir bayroq ostida birlashtirish g‘oyasi bahsli emasdek tuyulgandi. O‘shanda insonlar dunyo yil sayin yanada kuchliroq birlashayotganini yaxshi qabul qilishdi. Endi esa bu qarashlarga tanqidiy fikrlar bildirilmoqda”, - dedi Mark Tsukerberg.

Ishbilarmonning tan olishicha, globallashuv bilan birga yangi muammolar ham kelmoqda va kishilarning bunga salbiy munosabati ham namoyon bo‘lmoqda. Biroq Facebook rahbari jahon hamjamiyati birlashishda davom etishi kerakligini ma'lum qildi.

Tsukerbergning fikricha, har bir hamjamiyat, institut, tashkilot, kompaniya yoki davlat globallashuv rivojiga o‘z kuchlarini yo‘naltirishda davom etishi kerak, bu barcha insonlarga foyda keltiradi. “Agarda sizga jahonning qayerga qarab ketayotgani yoqmasa, umid qilamanki, siz shunchaki o‘tirmayapsiz, balki muhim nimanidir qilish lozimligini his etmoqdasiz”, - dedi Tsukerberg.

Ishbilarmon AQSh prezidenti Donald Tramp dunyoning birlashishi g‘oyasiga qanday munosabatda ekani haqidagi o‘z fikrlari bilan bo‘lishmagan.

“U bilan gaplashishingiz yoki u nimalar deyishi va nimalar qilishiga nazar solishingiz mumkin. Men globallashuv muammolari haqida Yevropa, Osiyo va AQShdagi saylovlardan ancha oldin gapirganman”, - deya javob berdi Tsukerberg.

Shuningdek, Facebook rahbarining ta'kidlashicha, globallashuv zamonaviy dunyoga liberalizmni kuchaytirish, ilm-fanni rivojlantirish hamda tinchlikni o‘rnatishda juda ko‘plab imkoniyatlar olib keladi. U zamonaviy dunyodagi aksariyat muammolarni hal etish uchun birlashgan jamiyat kerak bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi. Bu global isish, terrorchilik, epidemiyalar yoki fuqarolik urushlariga ham aloqador.

“Feysbukning ayni damdagi eng muhim funksiyasi – kishilar barcha uchun foydali bo‘ladigan global hamjamiyatni qurishlariga yordam beruvchi ijtimoiy infratuzilmani yaratish imkonidir”, - dedi Mark Tsukerberg.

Siyosiy faoliyati haqida

2016 yilning dekabrida Donald Tramp yirik texnologiya kompaniyalari vakillari bilan anjuman o‘tkazdi. Ular orasida Google, Tesla, Apple, Amazon va Facebook bor edi. Prezident bilan uchrashuvga asosan kompaniya rahbarlari keldi, biroq Facebook’dan Tsukerbergning o‘rniga kompaniya direktorlar kengashi a'zosi Sheril Sendberg tashrif buyurdi.

Ishbilarmonlarning Tramp bilan uchrashishni istashi haqidagi savolga u, bunga e'tibor qaratishni xohlamasligini aytib o‘tdi. “Bu bizni kerakli yo‘nalish va maqsadlardan chalg‘itmoqda”, - deya ma'lum qildi Tsukerberg.

2017 yilning yanvar oyi boshlarida texnologiya sohasidagi g‘arb OAVlarida Tsukerberg siyosiy faoliyatini boshlamoqchiligi haqidagi muhokamalar avj oldi. Shuningdek, uning 2020 yilda AQSh prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi ekani borasida ham gap-so‘zlar tarqaldi. Bu fikrlar Tsukerberg o‘zining xayriya jamg‘armasiga avval kichik Jorj Bush va Barak Obamaning prezidentlik kampaniyalariga boshchilik qilgan ikkita menejyerni yollagani haqidagi xabarlardan so‘ng yanada ko‘paydi.

Ishbilarmon davlat lavozimida ishlashi va Facebook rahbari bo‘lib qolishi mumkin. Bu holatda kompaniya direktorlar kengashining roziligi talab etiladi. Biroq Tsukerberg yanvar oxirida prezidentlikka nomzodini qo‘yish istagida emasligini xabar qildi. BBC’ga bergan intervyusida u o‘z bayonotini yana bir bor tasdiqladi – “Men bu bilan hozirda shug‘ullanmayman, boshqa rejalarim bor. Ayni damda men faqatgina dunyoni birlashtirish haqida o‘ylayapman”.

Kelajakdagi rejalar haqida

Tsukerberg yolg‘on xabarlarning oshib borayotgan xavfi haqida fikr bildirib, Feysbukda haqiqatan ham bunday yangiliklar soni ortib ketganini tasdiqladi. Biroq uning ta'kidlashicha, “har doim ham yolg‘on, satira yoki shaxsiy fikr orasidagi farqni topib bo‘lmaydi. Kishilar erkin jamiyatda o‘z fikrlarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak, bu xato bo‘lsa ham”.

Facebook rahbarining ta'kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarning ma'lumotni maksimal darajada qisqa tarzda xabar qilishga bo‘lgan harakati ba'zida muhim va kompleksli mavzu bilan uyg‘unlashib ketadi. Facebook bu muammo bilan ham servis hamjamiyatida “umumiy tushunish”ni tashkil etish orqali kurashmoqchi.

Jurnalist Tsukerbergdan o‘zi haqidagi tanqidga qanday munosabatda bo‘lishi bilan qiziqdi. U juda boy inson bo‘lgani holda oddiy kishilar muammosini bir qadar tushuna olmasligi haqida fikr bildirildi. Bunga esa Facebook rahbari hamjamiyat bilan masofa saqlamasligini aytdi.

“Facebook’ning omadi biz fikr bildirish imkonini onlayn taqdim etishimizdan iborat. Ko‘plab insonlarda ijtimoiy tarmoq paydo bo‘lgunga qadar bunday imkoniyat bo‘lmagan. Buning ustiga biz buni avval uddalay olmaganlarni o‘zaro bog‘ladik”.

Ishbilarmonning ta'kidlashicha, Feysbukda yanada rivojlantirish va yaxshilash talab etiladigan ko‘plab mavzular bor, va u servis hamjamiyati niyatlarini bilish borasida imkoniyat borligidan xursand. U 2015 yilning oxirida Facebook’ning 99 foiz aksiyalarini xayriya jamg‘armasiga o‘tkazib berish naqadar muhim qaror bo‘lgani haqida ham aytib o‘tdi. Jamg‘arma tufayli Tsukerberg rafiqasi Pristsilla Chan bilan dunyoning ko‘plab davlatlaridagi hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlaydi, va bu bilan kelajakda ham shug‘ullanishni rejalashtirmoqda.

“Biz birlashgan jamiyatlarni tashkil etishga yordam berishimiz kerak, hamda aynan shunga erishmoqchiman – bu boshqa ishbilarmonlarga namuna bo‘lishi kerak. Meni bu mavzu juda ham tashvishlantiradi hamda uni rivojlantirishda davom etaman”, - dedi Tsukerberg.

Tsukerbergning chiqishlariga boshqa shaxslarning munosabati

Tsukerbergdan intervyu olgan BBC’ning iqtisodiyot bo‘limi muharriri Kamol Ahmad muloqot haqida bir qator fikrlarini bildirib o‘tdi. Uning fikricha, Facebook bayonoti navbatdagi zerikarli biznes-hisoboti bo‘lgani yo‘q, balki u dunyo konsepsiyasi haqida tasavvur bergan hamda IT-kompaniya uni yaratishni haqiqatdan ham istamoqda.

Ahmadning ta'kidlashicha, Tsukerberg hech qachon haqiqiy siyosatchi bo‘la olmaydi, biroq bu unga ulardan biri sifatida gapirishga xalaqit bermaydi.

Recode xodimi Kurt Vagnerning ta'kidlashicha Tsukerberg tor sohalarga e'tibor qaratmadi va faqatgina umumiy mavzularda gapirdi. Jurnalist Facebook hal etishga yordam berishi mumkin bo‘lgan bir qator asosiy muammolarni alohida ajratdi.

Ular orasida – sun'iy idrokni ishlatgan holda suiqasd va terrorchilik harakatlarini oldini olish, ovoz berishning yangi uslubini yaratish (masalan, ijtimoiy tarmoqning o‘zi orqali), oddiy fuqarolar va mahalliy amaldorlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish (Facebook Messenger va WhatsApp orqali) tashkilotlarni onlayn-hamjamiyat orqali qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy tarmoqning dunyo yer sharining barcha nuqtalaridagi universal siyosati hisobidan demokratiyani o‘stirish.

Techcrunch muharriri Jon Konstinning tushuntirishicha, Facebook maqsadlarining globalligi bilan bir qatorda, u qadar samarali harakat qilmayapti.

“Facebook amalga tatbiq etmoqchi bo‘layotgan barcha o‘zgarishlarning markazida foydalanuvlarning o‘z yo‘llarini tanlashdagi huquqlar va imkoniyatlarini kengaytirish bordir. Kompaniya dunyo barcha tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlik va ma'lumotga ega bo‘lishga qarab harakat qilishini istaydi. Muammo shundaki, Facebook bu yo‘lda hatto o‘zini faqatgina bir instrument sifatida ko‘rmoqda”, - dedi Jon Konstin.

Ko‘proq yangiliklar: