Tesla BAAda elektrokarlar sotishni boshladi

Fan-texnika 14:40 / 14.02.2017 8816

Tesla kompaniyasi BAAda o‘z elektrokarlari savdosini yo‘lga qo‘yib, Yaqin Sharq bozoriga chiqdi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Kompaniya Model S sedanlari va Model X yo‘ltanlamaslariga buyurtmalar qabul qila boshladi. Ilk mahsulotlar joriy yilning yozida yetkazib berila boshlanadi. Tesla iyul oyida Yaqin Sharqdagi birinchi servis markazini ochishni rejalashtirmoqda. Hozircha faqatgina Dubai Mall savdo markazida savdo nuqtasi ochildi. Bundan tashqari, keyingi yilda Abu Zabida to‘laqonli do‘kon va servis markazi xaridorlar uchun o‘z eshigini ochadi.

Ta'kidlanishicha, BAA dunyo neft zaxiralarining 6 foiziga ega bo‘lib, OPeKdagi eng yirik ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Mamlakat shuningdek Dubay politsiyasi avtoparkida Ferrari, Lamborghini va Bentley kabi kompaniyalarning superkarlaridan foydalanish bilan ham mashhurdir.

Ayni damda Tesla Dubayda elektrokarlar uchun ikkita quvvatlantirish stansiyalarni ochgan bo‘lib, yil oxiriga qadar esa tarmoqni yana 5ta stansiyaga kengaytirish rejalashtirilmoqda. BAAda Tesla narxlari Model S uchun 74,88 ming AQSh dollari va Model X uchun 93,63 ming AQSh dollaridan boshlanadi.

Tesla shuningdek Bahrayn, Saudiya Arabistoni va Ummon bozoriga chiqishni ham rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: