Xitoy harbiy-dengiz kuchlaridagi uchinchi samolyotlar tashuvchisi 2021 yilga qadar yaratilishi mumkin va uchuvchi palubasidagi tramplinlar o‘rniga bug‘li katapultlar bilan jihozlanadi. Bu haqda South China Morning Post gazetasi yozmoqda.
Ayni damda Xitoy harbiy-dengiz kuchlarida “Lyaonin” samolyotlar tashuvchisi bor. 2015 yilning dekabr oyi oxirida mamlakat mudofaa vazirligi yangi aviatashuvchi qurilishi haqida e'lon qildi. U Xitoy tomonidan ilk bora mustaqil ravishda quriladi hamda Type 001A sinfiga tegishli bo‘ladi.
"Type 002 sinfidagi aviatashuvchi 2021 yilgacha qurib bitkaziladi", - deya hongkonglik mutaxassis Lyan Golyanning so‘zlarini keltiradi South China Morning Post gazetasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy umumiy hisobda ikkita shunday aviatashuvchini qurishni rejalashtirgan bo‘lib, kemaning suv sig‘imi (kemaning suvga botadigan qismi hajmi) 85 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa “Lyaonin” suv sig‘imi (taxminan 55 ming tonna) va Xitoyning qurilayotgan ikkinchi aviatashuvchisi Type 001A (70 ming tonna) sig‘imidan ko‘proqdir.
Shu bilan bir qatorda, milliy mudofaa akademiyasi professori Tszin Inan avvalroq Type 002 aviatashuvchisining qurilishi Shanxayda 2015 yilning mart oyida boshlangani haqida xabar bergandi.
Xitoy harbiy-dengiz kuchlariga yaqin manbaning gazetaga bildirishicha, Type 002 aviatashuvchisi tramplin o‘rniga uchta bug‘li katapultlar bilan jihozlanadi. “Atomli dvigatellar bilan jihozlash bo‘yicha bir necha texnik muammolar bor, shuning uchun Type 002’da bug‘li katapultlar qo‘llaniladi. Biroq bu “Lyaonin” va qurilayotgan Type 001A aviatashuvchisi bilan taqqoslaganda olg‘a siljishdir. Ular uchish tramplinlariga ega”, - degan manba. Uning qo‘shimcha qilishicha, qurilish yakunlangach, yangi aviatashuvchidan foydalanishlari uchun bir necha yil kerak bo‘ladi, sababi undagi qiruvchilarga uchuvchilar tayyorlashga ikki-uch yil vaqt ketadi.