Olti g‘ildirakli g‘aroyib yengil avtomobillar

Fan-texnika 16:11 / 11.02.2017 32765

Avtomobillardagi qo‘shimcha g‘ildiraklar nafaqat yo‘ltanlamas va yuk mashinalarida asqotadi, balki xetchbek, sedan, oilaviy universal va hatto poyga mashinalari uchun ham ortiqchalik qilmaydi. Quyida namoyish etiladigan suratlar fikrimiz isbotidir. 

Tyrrell P34 ehtimol, olti g‘ildirakli eng mashhur poyga avtomobili bo‘lsa ajab emas. Tyrrell P34 Formula 1 chempionatining ikki mavsumida to‘liq qatnashib, 1976 yilda Shvetsiya Gran prisiga sazovor bo‘lgan. 

Ushbu March 2-4-0 Formula poygalari uchun ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, ularda ishtirok eta olmadi. Loyiha yopilishiga uzatmalar qutisida paydo bo‘lgan nuqson sabab bo‘ldi. 

Williams FW08B Formula birinchiliklaridagi olti g‘ildirakli so‘nggi tajriba hisoblanadi. March modelidan farqli ravishda Williams prototipi sinov vaqtida tezkor va ishonchli ekanini namoyish qildi. Ammo, poygada qatnasha olmadi, bunga 1983 yilda yangilangan qoidalar yo‘l qo‘ymadi. 

Ta'kidlash joizki, olti g‘ildirakli avtomobillarni faqatgina Formula 1 poygalari ko‘rgani yo‘q. 1948-49 yillarda «Indianapolis-500» poygasida Pat Clancy Special ishtirok etgan. Uning orqa g‘ildiraklari yetakchi bo‘lgan. 

Alfa Romeo T33/6/12 o‘ziga xos tarixga ega. Uch o‘qli avtomobilni Silverstoundagi sinov kunlarining birida tushlik vaqti o‘g‘irlab ketishdi. O‘g‘rilar esa, raqiblar yoki olibqocharlar emas, o‘smirlar edi. Mashinani tezda topishdi, ammo uning motori ... afsuski, dvigatelni topa olishmadi. 

Italiyaning Covini C6W sportkari mualliflari Tyrrell bolididan ilhomlanishgan. 4.2 litrli V8 motori soatiga 300 kmgacha harakatlanish imkonini beradi. 

Qayd etish joizki, ikkinchi jahon urushiga qadar ham 6 g‘ildirakli avtomashinalar ishlab chiqishga muvaffaqiyatli urinishlar bo‘lgan. Hispano-Suiza H6A Victoria Town Car shulardan biri. U Barselonada Hispano-Suiza kompaniyasi tomonidan Gretsiya qiroli Georg Ikkinchi buyurtmasi asosida ishlab chiqilgan. 

Tissier Citroen CX avtomobil yo‘llari orqali yuklarni zudlik bilan yetkazish maqsadida ishlab chiqilgan. Albatta, uchinchi o‘q uning tezligiga emas, yuk ko‘tarish xususiyatiga yordam berdi. SX modelining tez yordam, g‘ildaraklardagi uy, aeroportlar uchun maxsus namunalari ishlab chiqildi. 

Leotard Renault 5 muallifi Kristian de Leotard ham mashinasiga Tissier kabi qo‘shimcha o‘q qo‘shishni istadi. Buning uchun u Renault avtomobilini oldi. Leotard Renault 5 modelining olti g‘ildiragi ham yetakchi edi va aksar mashinalar o‘ta olmaydigan yo‘llarda harakatlana olardi. 

Panther 6 1977 yilda dunyo yuzini ko‘rgan. Unga 8,2 litrli Cadillac motori o‘rnatilgan. aytishlaricha, Panther 6 soatiga 300 kmdan ortiq tezlikda harakatlana olgan. Biroq, buni isbotlovchi rasmiy dalillar yo‘q.

Mini XXL 2004 yilda foydalanishga topshirildi. Afinadagi Olimpiya o‘yinlari munosabati bilan ishlab chiqilgan Mini 6 metrga uzaytirilgan. Uning ichida mini-bar, televizor va ikki kishilik uncha katta bo‘lmagan hovuzcha ham bor. 

Briggs & Stratton Gasoline/Electric Hybrid, aytish mumkinki, o‘z davrida Briggs & Stratton kompaniyasining kelajak avtomobili borasidagi qarashlarini mujassamlashtirgan. Unga o‘rnatilgan elektr qurilma yordamida 90 kmgacha yurish mumkin edi. 2 silindrli benzinli motor vositasida bu raqam 320 kmga yetadi. 

1978 yilda namoyish qilingan Sbarro Function Car kontsepti Cadillac Eldorado platformasidagi mobil ofis namunasidir. 3 tonnali avtomobilni 8.2 litrli, 350 ot kuchiga ega V8 motori harakatga keltirgan. Uning bortida 4ta ulkan o‘rindiq, ish stoli, televizor va telefon aloqasi mavjud. Jami 25 dona ishlab chiqish rejalashtirilgan, ammo buyurtma tushmagan. 

Olti g‘ildirakli avtomobillar borasida FAB 1 modelini yodga olmaslik mumkin emas. FAB 1 o‘zining ko‘rinishi bilan Ford Thunderbird modelini yodga soladi va uzunligi 8 metrni tashkil etadi. Shu bilan birga, u tuproqli va asfalt yo‘lda bir xil harakatlanadi. 

Nautilus yana bir kinematografiyada suratga tushgan avtomobillardan yana biri. Uni «Ajoyib janoblar ligasi» filmida ko‘rish mumkin. Land Rover shassisida barpo etilgan Nautilus uzunligi 6.7 metrni, eni 2.7 metrni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: