Toshkentdagi korxonalardan birida Italiyadan keltirilgan yangi liniya ishga tushirildi

Fan-texnika 17:07 / 10.02.2017 7984

Toshkentning Sergeli tumanidagi “Asl oyna” aksiyadorlik jamiyatida Italiyadan keltirilgan yangi liniya ishga tushirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Hozirga qadar korxonada Germaniyada ishlab chiqarilgan texnologiya asosida 130 xildagi dizaynda shisha mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan edi. Yangi liniya ko‘magida turfa xil ko‘rinish hamda sig‘imdagi rangli va rangsiz shisha idishlar tayyorlash yanada ko‘payadi.

– Muhimi, 150 yigit-qizning bandligi ta'minlanadi, – deydi korxona rahbari Husniddin Normuhamedov. – Bir ming 450 gradus haroratda shisha pishiradigan mazkur texnologiyani boshqarish bir muncha murakkabligi bois ishga olingan yoshlar uch oy davomida tayyorgarlik kurslarida o‘qidi. Endilikda qo‘shimcha ravishda bir kecha-kunduzda 120 tonna shisha massa ishlab chiqariladi. Mazkur idishlar mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, konserva va yog‘-moy sanoati sohalarida ishlatiladi.

Narxi 11 million yevroni tashkil etuvchi mazkur texnologiya «Kapitalbank»dan olingan sarmoya evaziga xarid qilindi. U boshqa turdosh texnologiyalarga nisbatan elektr energiyasini 10 foizga tejaydi. 

"Asl oyna" ichki bozor ehtiyojiga ishlash bilan bir qatorda, o‘tgan yili 2,5 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 4 million dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Shisha mahsulotlari qum, dolomit, ohak, kalsiy sodasi kabi mahalliy xomashyolardan foydalanilgan holda tayyorlanmoqda. Texnologik jarayonlarning avtomatik boshqarilishi mahsulotlar yuqori sifatda tayyorlanishini kafolatlaydi. Joriy yilda 120 million dona turli sig‘imdagi qadoqlash idishlari ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Ilgari yurtimizdagi korxonalar shunday shisha idishlarni chetdan xarid qilar edi.
Yangi liniyaning ishga tushishi munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi  R.Usmonov so‘zga chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: