YouTube’da smartfondan video translyatsiya qilish imkoni paydo bo‘ladi

Fan-texnika 13:24 / 08.02.2017 5130

YouTube videoservisidagi eng ommabop foydalanuvchilar portalda o‘z mobil qurilmalari yordamida translyatsiya olib borishlari va buning uchun pul olishlari mumkin bo‘ldi. Bu haqda YouTube rasmiy saytida e'lon qilingan bayonotda aytiladi.

Unga ko‘ra, gap jonli efirda servis foydalanuvchilari smartfonlaridan tovush va tasvirlarni translyatsiya qilish haqida bormoqda. Avvaliga ushbu funksiya 10 mingdan ortiq doimiy kuzatuvchiga ega YouTube foydalanuvchilariga taqdim etiladi. Keyinchalik esa undan barcha foydalanishi mumkin.

Videoservis xodimlarining ta'kidlashicha, “yuz minglab iste'dodli kishilar vositachilarsiz o‘z fikrlari bilan bo‘lishish, hayotlari va ijodlari haqida hikoya qilish imkoniga ega bo‘lishadi”.

YouTube bayonotida aytilishicha, bu tarzda translyatsiya olib borish juda oson – bir necha tugmachalarni bosish kifoya. Shu bilan bir qatorda, bunday translyatsiyalarga nisbatan servis yordamida yuklangan boshqa videolarga qo‘llaniluvchi harakatlarni amalga oshirish ham mumkin bo‘ladi.

Hujjatda aytilishicha, “jonli efirda videotranslyatsiyada YouTube’ning ishonchli infratuzilmasi ishlatiladi”.

Videoservis saytida, shuningdek, Super Chat nomli boshqa funksiya haqida ma'lumot bor. U videotranslyatsiya olib boruvchilarga pul ishlab topish imkoni beradi.

Bunda barcha foydalanuvchilar namoyish vaqtida o‘z izohlarini qoldirishlari mumkin bo‘lgani holda, Super Chat yordamida mablag‘ evaziga alohida xabarlarni e'lon qilish ham mumkin bo‘ladi. Ular ekranda uzoqroq – besh soatgacha qoladi va maxsus vizual effektlar bilan ko‘rsatiladi.

Kompaniya bunday xabarlarni joylashtirish qanchaga tushishiga oydinlik kiritmagan. Avvaliga Super Chat’ni o‘z videolari translyatsiyasida yoqish va pul topish imkoni 20ta mamlakat fuqarolariga taqdim etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: