2013 yilning 1 iyulida ishga tushirilgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining davlat idoralariga yo‘llagan murojaatlari soni 2017 yilning 8 fevral holatida 1 milliondan oshdi. Murojaatlarning 98 foiziga davlat organlari tomonidan javob yo‘llangan. Murojaatlarning 432,589 tasi jismoniy, 567,671 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan.
Yagona portalda 300 dan ziyod elektron xizmat ko‘rsatilmoqda. Birgina 2016 yilda Yagona portal xizmatlari soni 50 taga oshgan. Ayni paytda “Davlat idoralari rahbarlari qabuliga onlayn yozilish”, “Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va yuborish”, “Tadbirkorlik subektlarini ro‘yxatga olish uchun onlayn ariza yuborish”, “Sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risidagi ma'lumotnomani olish” kabi xizmatlar ommalashgan.
Yagona portal orqali aholi yuborayotgan murojaatlar va ularga davlat idoralarining munosabati muntazam tahlil qilinib, tanqidiy o‘rganiladi va tegishli davlat organlariga tavsiyalar beriladi. Aholi tomonidan ularga ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlarning tezkorligi va sifati iliq qarshi olinmoqda. Misol uchun, “Men yashaydigan Uychi tumani Namangan shahridan 30 chaqirim uzoqda joylashgan bo‘lsa ham, bank-moliya masalasidagi murojaatimga mahalliy boshqaruv organlaridan 6 oydan buyon javob ololmayotgan edim. Yagona portal orqali murojaat qilganimdan so‘ng bor-yo‘g‘i 24 soat o‘tib menga Toshkent shahridan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, men ko‘targan masala o‘rganib chiqildi. Vaholanki, Uychi va Toshkent oralig‘ida 350 chaqirimlik masofa bor!” deb yozadi portal foydalanuvchisi A.Jo‘rayev.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmatining xabar berishicha, ayni kunda my.gov.uz’ning yangi talqini ishlab chiqilmoqda. Unda foydalanuvchilar va davlat idoralari o‘rtasidagi aloqa ijtimoiylik, soddalik va tezkorlik jihatlari bilan yanada qulaylashadi.