Apple kompaniyasining hisobotiga ko‘ra o‘tgan yilning to‘rtinchi choragida Apple Watch soatlaridan 6 million dona sotilgan. 9to5Mac xabariga ko‘ra, bu «aqlli» soatlar bozorining 80 foizi demakdir.
2016 yil oxirida korporatsiya rahbari Tim Kuk Apple Watch soatlari sotilishi oxirgi hisobot davrida «barcha rekordlarni yangilagani» haqida ma'lum qilgandi. Bu turdagi soatlar sotilishidan Apple 2,6 milliard dollar ishlab olgandi.
Apple rahbari «aqlli» soatlar 2016 yilda «eng ommabop sovg‘alardan biri»ga aylanganini ta'kidlagandi. Kuk savdolar hajmi bo‘yicha aniq raqamlarni keltirmagandi.
Undan oldinroq esa IDC tadqiqot kompaniyasi 2016 yilning uchinchi choragida Apple Watch savdolari 2015 yilning shu davriga nisbatan 71 foizga tushib ketib, 1,1 million donani tashkil qilganini ma'lum qilgandi.