Facebook aksionerlar guruhi ijtimoiy tarmoq hammuassisi Mark Tsukerbergni kompaniyaning direktorlar kengashi raisi lavozimidan tushirishni taklif qildi. VentureBeat portaliga kelib tushgan hujjatlar shundan dalolat beradi.
Aktsionerlarning fikricha, "kompaniya rahbarlarini yaxshiroq nazorat qilish, korporativ boshqaruvni yaxshilash va aksionerlar uchun zarur taraqqiyot dasturini belgilash"ga qodir mustaqil shaxs rahbar lavozimini egallashi kerak. TASS agentligi ushbu mavzuda maqola taqdim etdi.
Tsukerbergning iste'fosi kimga kerak?
Tsukerbergni boshqaruv kengashi raisi lavozimidan olish taklifi iste'molchilar huquqlarini himoya qiluvchi SumOfUs tashkiloti a'zolari hisoblangan aksionerlardan kelib tushgan. Bu birlashma iqlimning o‘zgarishi, ishchilar huquqining buzilishi, korrupsiya va kompaniyada hukmronlik o‘rnatish kabi muammolar tufayli yirik korporatsiyalarni javobgarlikka chorlovchi internet hamjamiyati sifatida faoliyat yuritadi.
SumOfUs sarmoya bozori maslahatchisi Layza Lindslining aytishicha, Facebook'da korporativ mas'uliyatni oshirish talabi haqidagi petitsiyani 333 mingga yaqin kishi imzolagan, ulardan 1,5 ming nafari - ijtimoiy tarmoqning aksionerlari. "SumOfUs'ning to‘rt a'zosi aksiyalari mazkur taklifni kiritish imkonini berdi", - deya qo‘shimcha qildi u.
Facebook rahbari nima uchun aksionerlarga yoqmay qoldi?
Facebook aksionerlik kapitalining o‘tgan yili tasdiqlangan yangi tuzilmasi aksionerlarning noroziligiga sabab bo‘lgan. Bugungi kunga kelib, Tsukerberg "A" toifali 4 million va "V" toifali 419 million aksiyaga egalik qiladi - bu kompaniyaning barcha ovoz beruvchi aksiyalarining 53,8 foizi. "V" aksiyalari birjada savdo qilinmaydi, ularning har biri 10 ovozni ta'minlaydi. "A" aksiyalari esa savdoga qo‘yiladi va ularning har biri - bir ovozga teng.
Ikki yil avval Tsukerberg o‘z aksiyalarining 99 foizini Chan Zuckerberg Initiative notijorat xayriya tashkilotiga topshirish istagi haqida ma'lum qilgandi. Mazkur xayriya tashkilotiga Mark va uning turmush o‘rtog‘i Pristsilla Chan tomonidan asos solingan. Shunday bo‘lsa-da, Facebook rahbari kompaniya nazoratini yo‘qotgisi kelmadi. Buning uchun 2016 yilning aprelida uchinchi — "C" turdagi 5,7 milliard aksiyani chiqarishga qaror qilindi. "S" toifali ikki aksiya "A" va "V" toifali bitta aksiyaga almashtirish mumkinligi, lekin "S" toifada ovoz berish huquqi bo‘lmasligi taxmin qilingandi.
Aktsionerlik kapitalining bunday tuzilmasi Tsukerbergga o‘z va'dasining ("S" toifali aksiyaning 99 foizidan voz kechish va bir vaqtning o‘zida kompaniyada ovoz berish huquqini saqlab qolish) ustidan chiqishga imkon berishi kerak edi. Biroq yangi toifa qog‘ozlarining chiqarilishi natijasida qolgan aksionerlarning ovozlari "ahamiyatsiz" bo‘lib qoldi, ya'ni shunday holat yuzaga keldiki, aksionerlar Facebook'ka egalik qilishi mumkin, biroq kompaniyaning asosiy masalalari bo‘yicha qaror qabul qila olishmaydi. "Shu tariqa, Tsukerberg Facebook nazoratini umrbod o‘zida saqlab qoladi", - deyiladi Forbes jurnalida. O‘z navbatida, TechCrunch'ga ko‘ra, aksionerlik kapitalining yangi tuzilmasi Tsukerbergga Facebook'ni tark etmay, siyosiy karera bilan shug‘ullanishga imkon beradi.
Yangi aksiyalar chiqarilishi tasdiqlanganidan keyin Facebook'ning bir necha aksionerlari korporatsiyaga qarshi sud ishi ochishdi. Ularning fikricha, Tsukerberg kompaniya nazoratini hiyla yo‘li bilan saqlab qolgan. SumOfUs'da shu muammoga ishora qilib, Tsukerbergni iste'foga chiqarib, uning o‘rniga mustaqil raisni tayinlash - "barcha aksionerlarning manfaatlarini samarali ifodalashi"ni ta'kidlashmoqda.
Facebook direktorlar kengashiga Tsukerbergdan tashqari yana kimlar kiradi?
Bugungi kunda korporatsiya ittifoqiga Syuzen Desmond Helmann (Bill va Melinda Geytslar fondining ijrochi direktori), Netflix ijrochi direktori Rid Xeystings, AQSh prezidenti ma'muriyatining sobiq rahbari Erskin Boulz, Netscape Communication korporatsiyasi hammuassisi Mark Andrissen va PayPal to‘lov tizimi asoschisi Piter Til kiradi.
Tsukerbergni iste'foga chiqarishning iloji bormi?
Tsukerbergni direktorlar kengashi raisi lavozimidan tushirish taklifi aksariyat aksionerlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taqdirda ham, u bor-yo‘g‘i tavsiya hisoblanadi. "99 foiz aksioner uni qo‘llab-quvvatlashi mumkin, lekin direktorlar kengashi uning ijrosi yuzasidan yuridik majburiyatlarga ega bo‘lmaydi", - deyiladi SumOfUs'da.
Bundan tashqari, Tsukerbergning iste'fosi ijtimoiy tarmoqning moliyaviy ko‘rsatkichlariga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuni ta'kidlash joizki, boshqaruv raisi lavozimida bosh direktorning borligi - keng tarqalgan tajriba. Tesla, Bank of America, Walt Disney Company, IBM, Amazon, Netflix va boshqa kompaniyalarda ham xuddi shunday holat kuzatiladi.
Kompaniyada hozircha aksionerlarning bu taklifi borasida hech qanday izoh berilmadi.