Amazon xodimlar sonini qisqartirmay 15 ming robotni ishga tushirdi

Fan-texnika 15:11 / 05.02.2017 5114

Internet orqali tovar va xizmatlarni sotish bilan shug‘ullanuvchi dunyodagi eng yirik kompaniya bir yilda 15 000 robotni ishga jalb qildi. Shunisi qiziqki, bu jarayonda ishchi xodimlar shtati qisqarish o‘rniga aksincha, 50 foizga oshdi. The Quartz shu haqida xabar berdi. 

Amazon kompaniyasida jami 45 000 robot faoliyat yuritadi, biroq ular hozircha odamlar o‘rnini bosa olmadi. Shu bois kompaniya o‘z xodimlarini iste'foga chiqarmayapti, buning o‘rniga ishchi o‘rinlarni ko‘paytirishda davom etmoqda. Bugungi kunga kelib u yerda 341 000 mutaxassis xizmat ko‘rsatadi. 

Amazon 2012 yilda Kiva startapidan keyin o‘z faoliyatida robotlardan foydalana boshladi. O‘shandan buyon kompaniya shtati qisqarmagan, aksincha, yiliga 30-50 foizga o‘sgan. 

Kiva robotlari kompaniya omborlaridagi tovarlar joylangan shkaflarni tashish bilan shug‘ullanadi. Bu esa tovar yetkazib berish qiymatini sezilarli darajada kamaytirdi. 

The Quartz taxminiga ko‘ra, yetkazib berish qiymatining pasayishi tufayli unga bo‘lgan talab ortgan. Buning natijasida, tabiiyki, omborda ishlash uchun yangi ishchilarni yollashga to‘g‘ri keladi.  

"Mehnat bozorida insonlar o‘rnini robotlar egallaydimi?" degan savolga ekspertlar aniq javob berishmaydi. 

"Sun'iy intellekt ketidan kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar (xususan sanoat sektoriga) ishchi o‘rinlarning qisqarishiga olib keladi. Shu munosabat bilan biz ishsiz qolganlar uchun barqaror minimal daromadni kafolatlovchi tizimni yaratish haqida o‘ylashimiz zarur". 

Satosi Sirato, Mitsubishi yapon tadqiqot instituti xodimi

Ko‘proq yangiliklar: