Parijdagi nogironlar uyida bo‘lib o‘tayotgan 32-Xalqaro avtomobil festivalida 2016 yilning eng chiroyli superkarini tanlashdi. Bu sharafga Ferrari GTC4 Lusso kupesi loyiq topildi.
GTC4 Lusso bilan birga bu tasnifda Bugatti Chiron giperkari, Aston Martin RB001 kontsepti va yangi avlod Porsche Panamera xetchbeki ham birinchi o‘rin uchun kurash olib bordi. G‘olibni taniqli arxitektor Jan-Mishel Vilmott rahbarligidagi hakamlar hay'ati aniqlagan. Mukofot Ferrari kompaniyasining bosh dizayneri Flavio Mantsoniga topshirildi.
Ferrari GTC4 Lusso superkari o‘tgan yil fevral oyida debyut qilgan edi. U FF kupesi o‘rniga ishlab chiqilgan. Mashinaning barcha g‘ildiraklari yetakchi bo‘lib, to‘liq boshqariluvchi shassi, moslashuvchan podveska va 12 silindrli, 6,3 litr atmosfera motoriga ega. Uning kuchi 680 ot kuchiga teng. Avtomobil soatiga 100 km tezlikka erishishi uchun atigi 3,4 soniya kifoya qiladi. Uning eng yuqori tezligi soatiga 335 kmni tashkil etadi.
Festival chog‘ida «eng chiroyli superkar»dan tashqari, 2016 yilning eng chiroyli kontsept-karini ham aniqlab olishdi. Avval xabar berganimizdek, Renault Trezor elektr kupesi Jaguar I-Pace, Aston Martin RB001 va DS E-Tense kabi kontseptlarni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.