Reks Tillerson: diplomat lavozimidagi muhandis va millioner

Jahon 09:22 / 02.02.2017 5831

AQSh Senati Reks Tillersonni davlat kotibi lavozimiga tasdiqladi. Bu Donald Trampning eng muhim lavozim tayinlovlaridan biri bo‘ldi.

Davlat kotibi lavozimiga hech qanday diplomatik tajribaga ega bo‘lmagan, o‘z karerasini faqatgina bir kompaniyada qurgan ExxonMobil neft korporatsiyasi sobiq rahbari tasdiqlandi. Tramp tanqidchilari Tellersonning Rossiyada haddan tashqari ko‘p bo‘lishini va hattoki Do‘stlik ordeni bilan mukofotlanganini aytishgan.

Sobiq neftchini ba'zi bir raqiblari “Putinning do‘sti” deb atashadi hamda Amerika diplomatiyasi rahbari lavozimida “Rossiyaga qarshi tura olmasligi” bilan qo‘rqitishdi. Biroq yakunda Tillerson senatorlarni davlat kotibi vazifasida Trampning: “Amerika har doim birinchi o‘rinda” bosh prinsipiga amal qilishiga ishontirdi.

Tillerson Texas shtatidagi Uichito-Fols shahrida 1952 yilning 23 mart kuni tavallud topgan. U Ostindagi Texas shtati universitetida fuqarolik qurilishi bo‘yicha bakalavr darajasini oladi.

Tillersonning Exxon’dagi faoliyati 1975 yilda boshlangan – u qazib olish bo‘yicha muhandis sifatida ishga joylashadi. U 14 yildan so‘ng qazib olish bo‘yicha markaziy bo‘linma direktori bo‘lgan bo‘lsa, shundan so‘ng deyarli har uch yilda Exxon tuzilmalarida turli lavozimlarga tayinlanadi. 2006 yilning 1 yanvar kuni esa ExxonMobil bosh direktori va direktorlar kengashi raisiga aylandi. U bu lavozimda millionlab dollar ishlab topdi.

Tillerson shuningdek Vorchester politexnika institutining muhandislik-texnika fanlari faxriy doktori sanaladi. 

U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ko‘p bora uchrashgan. 11 yanvar kuni senatda chiqish qilgan Tillerson Rossiya bugun – nodo‘stona raqib ekanini, biroq Moskva va Vashington dushmanlar qatoriga kirmasligiga umid qilishini aytib, ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqot muhimligini ta'kidladi.

U Rossiyaga qarshi Amerika sanksiyalarini tashqi siyosatning muhim jihati deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarda u bilan munosabatlar ishlab chiqilgunga qadar kvo-maqomida bo‘lishi lozim.

Ma'lumot uchun, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Tillerson nomzodini AQSh davlat kotibi lavozimiga tayinlamoqchi haqida 2016 yilning 13 dekabr kuni ma'lum qildi. Tillerson ExxonMobil’dan 2017 yilning 1 yanvar kuni iste'foga chiqdi.

Foto: RIA

2017 yilning 23 yanvar kuni esa Tillerson nomzodi tashqi ishlar bo‘yicha Senat qo‘mitasi tomonidan ma'qullandi. 

AQSh Kongressi senati esa 2017 yilning 1 fevral kuni Reks Tillerson nomzodini davlat kotibi lavozimiga tasdiqladi. Tillerson nomzodi uchun 56 senator ovoz berdi, 43 senator esa qarshi chiqdi.

Tillerson Amerika neft instituti ijro qo‘mitasiga kiradi. U shuningdek muhandis-neftchilar jamiyati a'zosi ham sanaladi.

Forbes'ning 2016 yildagi “Dunyoning eng nufuzli odamlari” reytingida Tillerson 24-o‘rinni egalladi.

Davlat kotibi o‘z ishiga jiddiy yondashishi borasida shunday degan:

“Menga aytishayotgan narsani tasdiqlash uchun ko‘plab ma'lumot manbalariga tayanaman. Bu jarayonda siz meni muhandis ekanimni ayblashingiz mumkin. Men dalillar bilan ishlaydigan, so‘ng ularni tahlil qiladigan, keyin esa xulosa chiqaradigan muhandisman”.

Ko‘proq yangiliklar: