Payyetning Angliyadan qochishi, xitoycha saxiylik, «baxillashgan» grandlar. Qishning eng shov-shuvli transferlari haqida

Sport 08:04 / 02.02.2017 10310

Toshkent vaqti bilan 1 fevral kuni Yevropaning yetakchi chempionatlarida qishki transfer oynasi yopildi. Tribuna.Uz transfer bozori yakunlari, bozorining shov-shuvlari, eng asosiy o‘nta transfer haqida ma'lumot berishga qaror qildi.

Xuddi 2016 yilning qishki transferlari vaqtida bo‘lgani kabi bu safar ham Xitoy asosiy rolni o‘ynadi. Hali Chin yurtida transferlar oynasi yakunlanmaganiga qaramay, hozirning o‘zida bu mamlakatda qishki transferlar bozoridagi eng shov-shuvli transferlar ro‘y berdi.

Qishki transferlar oynasidagi eng qimmat 10ta transferning to‘rttasi aynan shu chempionat vakillari ishtirokida (jami 121,7 mln. yevro sarflandi) amalga oshirildi. Yevropaning yetakchi chempionatlari Angliya, Germaniya, Ispaniya va Italiya jamoalari bu paytda nisbatan olib qaraganda, yirik xaridlarni amalga oshirmadi. Faqatgina Fransiya birinchiligi vakillari bu safar faolroq bo‘lganini qayd etish lozim. O‘nta eng qimmat transferning 3tasi aynan shu chempionatda kuzatildi. Buning uchun jamoalar 99,3 mln. yevro sarfladi.

Shuningdek, bu yil qishki transferlar vaqtidagi eng qimmat xarid amalga oshirildi. (Oskar uchun 60 mln yevro. Bungacha rekord 2011 yilda Fernando Torresning 58,5 mln. yevro evaziga «Liverpul»dan «Chelsi»ga o‘tishida o‘rnatilgandi) Bu yil futbolchi uchun to‘lanadigan eng qimmat maosh bo‘yicha ham (37,5 mln yevro —Karlos Tevesning «Shanghay Shengxua»dagi yillik daromadi) rekord o‘rnatildi.

Qishki transferlar rekordchisi
Oskar (60 mln. yevro. «Chelsi»dan «Shanghay SIPG»ga. Shartnoma muddati: 4 yil)


Bir necha yil oldin braziliyalik yarimhimoyachi o‘z yosh toifasidagi eng iqtidorli futbolchilardan biri sanalardi. «Chelsi»ga Antonio Konte bosh murabbiy bo‘lib kelgach, Oskar asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. 2016/17 yilgi mavsumda futbolchi jami bo‘lib, londonliklar safida 11 uchrashuvda (9ta Angliya chempionati, shunlardan 5tasida asosiy tarkibda; ikki marta liga Kubogi, shularning bittasi asosiy tarkibda) maydonga tushdi. Bu davr mobaynida u faqatgina bir marta golli uzatmani amalga oshira oldi, xolos.

Oskar endilikda Xitoyda Yevro-2016 chempioni Rikardu Karvalo, «Krasnodar»ning sobiq futbolchisi, O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov, shuningdek, vatandoshi, sobiq «Zenit» futbolchisi Xalk bilan birga to‘p suradi. «Shanghay SIPG»da hozirgi kunda «Chelsi», «Tottenhem» va «Zenit» jamoalari sobiq ustozi Andre Villash-Boash bosh murabbiy sanaladi.

Oskarni «Chelsi» 2012 yilda 32 mln. yevroga sotib olgandi (+28 mln yevro).

Yevropa klublari o‘rtasidagi eng qimmatbaho savdo
Yulian Draksler (40 mln. yevro. «Volfsburg»dan «PSJ»ga, Shartnoma muddati: 4,5 yil)

Draksler bir necha yillardan buyon Germaniyaning eng iqtidorli futbolchilaridan bir sifatida e'tirof etiladi. O‘z mamlakatida «Shalke» va «Volfsburg» tarkibida to‘p surgan, ammo aytarli sovrinlarni (2010/11 yilgi mavsumda Germaniya Kubogi va Superkubogidagi g‘alaba) qo‘lga kiritmagan. Yarimhimoyachi YeChLda muntazam ishtirok etadigan «PSJ» safiga 9 mln. yevro yillik maosh evaziga o‘tib ketdi. 2014 yilda Germaniya bilan jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan futbolchi,  yangi jamoasi safida to‘rtta uchrashuv o‘tkazib, ikkita gol kiritishga ham ulgurdi.

Drakslerni sotishdan «Volfsburg» 2 mln. yevro zarar ko‘rdi. (2015 yilda Yulian bilan shartnoma nemis klubiga 42 mln. yevroga tushgandi).

Qishda tovlangan yagona janubiy amerikalik
Gabriel Jyezus (32 million yevro, «Palmeyras»dan «Manchester Siti»ga. Shartnoma muddati: 4,5 yil)


19 yoshli Olimpiada chempioni 2016 yilning yozidayoq manchesterliklar bilan shartnoma imzolagandi. Biroq futbolchining istagi sabab, u Braziliyada mavsumni yakunlab qo‘ydi: uzoq yillik tanaffusdan keyin «Palmeyras»ga mamlakat chempioni unvonini qaytarib olishda yordamlashdi va yanvarning o‘rtasiga kelibgina «Siti»ga tashrif buyurdi. Braziliyadagi ikki yillik professional faoliyati davomida u 83 uchrashuvda maydonga tushib, 28ta gol urishga muvaffq bo‘ldi.

21 yanvar kuni Jyezus «Manchester Siti» tarkibida «Tottenhem»ga qarshi uchrashuvda 82-daqiqada maydonda tushib, faol harakat qildi. Qisqa vaqtda u darvozaga uch marta zarba berishga ulgurdi, hattoki gol kiritishga ham muvaffaq bo‘lgandi, biroq ofsayd qayd etilgani sabab gol inobatga olinmadi.

«Palmeyras» o‘z tarbiyalanuvchisini sotish orqali 32 mln. yevro ishlab topdi.

Portugaliya chempionatining 2017 yildagi eng qimmat futbolchisi 
Gonsalo Guedesh (30 mln. yevro. «Benfika»dan «PSJ»ga. Shartnoma muddati: 4,5 yil)

20 yoshli «Benfika» tarbiyalanuvchisi 2016/17 yilgi mavsumdan boshlab ilk marta faqat lissabonliklar  asosiy jamoasida (oldingi ikki mavsumda ikkala jamoa o‘rtasida «sarson» bo‘lgan) to‘p sura boshlagandi. Guedesh «Burgutlar» safida 68 uchrashuvda maydonga tushib, 11ta gol urgan. Bu vaqt davomida «Benfika» ikki martadan mamlakat chempionati va superkubogida zafar quchdi. Shuningdek, ikki marta liga kubogida ham g‘alaba qozondi.

29 yanvar kuni kuni futbolchi «PSJ» safida «Monako»ga qarshi chempionat uchrashuvining (1:1) so‘nggi uch daqiqasida maydonga tushirildi.

«Benfika» o‘z tarbiyalanuvchisini sotish evaziga 30 mln. yevro foyda ko‘rdi.

«Aylana, aylana qozig‘ini topgan ot»
Dimitri Payyet (29,5 mln yevro. «Vest Hem»dan «Marsel»ga. Shartnoma muddati: 4,5 yil)

2016 yilgi Yevropa chempionatining eng yaxshi futbolchilaridan biri 2013-2015 yillarda to‘p surgan jamoasiga yana qaytdi. Payyet uchun Angliyada barchasi yaxshi kechayotgandi. Biroq oilaviy muammolar sabab u jamoadan ketishni istab qoldi va butun oy davomida dunyo matbuotiga mavzu bo‘lgan janjallarni yuzaga keltirdi. Oxir-oqibat londonliklar 1,5 yarim mavsum davomida jamoa uchun 60 uchrashuvda maydonga tushiyu, 15ta gol urgan futbolchini sotib yuborishga qaror qildi.

«Vest Hem» futbolchini sotishdan 14,5 mln yevro foyda qildi (2015 yilda Payyet uchun londonliklar 15 mln. yevro to‘lashgandi).

Uch baravar qimmatlagan «qora javohir»
Odion Igalo (23,3 mln. yevro, «Uotford»dan «Chanchung Yatay»ga)

Igaloning Xitoyga o‘tgan transfer narxi uning bu paytgacha sotilgan barcha transfer narxlarini qo‘shib hisoblaganda ham 2,6 baravar ko‘proq summani tashkil qiladi. Xitoy klubiga o‘tguniga qadar nigeriyalik hujumchi Angliya chempionatida 2,5 yil to‘p surdi. Bu davrda 100ta uchrashuvda 39ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Igaloni sotishdan «Uotford» taxminan 21,3 mln yevro ishlab topdi (2014 yilda jamoa uni «Udineze»dan sotib olganida shartnomada futbolchi transfer qilinsa, bir qismi italiyaliklarga ham o‘tkazib berilishi kerak bo‘lgan. Biroq bu borada aniq summa ma'lum emas).

Angliya ichidagi qishning eng qimmat transferi
Morgan Shneyderlin (22,9 mln. yevro, «MYu»dan «Everton»ga. Shartnoma muddati: 4,5 yil)

Manchesterga kelganida sal bo‘lmasa, Angliyaning eng yaxshi tayanch yarimhimoyachisiga tenglashtirilgan Morgan jamoada aytarli hech qanday karomat ko‘rsata olgani yo‘q. Mourino kelgach, umuman tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. Ikki mavsum «MYu»da o‘ynagan futbolchi barcha musobaqalarni qo‘shganda 42ta uchrashuv o‘tkazib bitta gol urdi. Joriy mavsumda esa atigi 3ta uchrashuvda maydonga tushgandi.

«Everton» safida futbolchi ikkita o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. Ikki safar ham u zaxiradan maydonga tushirilgandi.

Frantsuz futbolchisini sotishdan «MYu» bir yarim yil ichida 12,1 mln. yevro yo‘qotdi (2015 yilda manchesterliklar Morgan uchun «Sauthempton»ga 35 mln. yevro to‘lagandi).

Xitoylik eng qimmat futbolchi
Chjang Chjyeng Dun (20,4 mln. yevro, «Beyjing Guan»dan «Xebey Chayna Forchun»ga. Shartnoma muddati: 5 yil)

Poytaxt va Xebey provinsiyasi jamoalari o‘rtasida amalga oshgan transfer mazkur transfer oynasining eng ajabtovur savdolaridan biri bo‘ldi. So‘nggi marta 2014 yilning mayida gol urgan yarimhimoyachi uchun «Xebey» 20 mln.dan oshiqroq mablag‘ to‘ladi. Transfermarkt.de ma'lumotlariga ko‘ra, uning transfer narxi yangi klubga o‘tishi arafasida 475 ming yevroni tashkil qilgan. Uning eng bozordagi eng maksimal narxi 1,4 mln yevrogacha (2012 yilda) ko‘tarilgan.

«Beyjing Guan» Chjyeng Dun transferidan 18,9 mln. yevro ishlab oldi (2013 yilda poytaxtliklar unga 1,5 mln. yevro to‘lashgan).

Yangi Pelle umidida
Manolo Gabbyaddini (20 mln. yevro. «Napoli»dan «Sauthempton»ga. Shartnoma muddati: 4,5 yil)

Mavsum avvalida Higuainni sotib yuborgan «Napoli» uning o‘rniga sotib olingan Arkadiush Milik uzoq muddat safdan chiqqach, aynan Manologa ishonch bildirishi kutilgandi. Biroq Sarri kutilmagan Dris Mertensdan yangi markaziy hujumchi ixtiro qila oldi. Gabbyaddinida esa ketishdan boshqa variant qolmagandi.

Italiya ichidagi qishning eng qimmat transferi
Leonardo Pavoletti (18 mln. «Jyenoa»dan «Napoli»ga. Shartnoma muddati: 4,5 yil)

Neapolliklar Gabbyaddini ketishidan oldinroq Pavoletti bilan kelishib bo‘lishgandi. Asosiy tarkibdan o‘rin kafolatlanmagan futbolchi uchun «Napoli» yaxshigina pul to‘ladi. Leoning «Jyenoa»dagi ikki mavsumi unchalik yomon o‘tmadi.  Forvard 46 uchrashuvda 25ta gol urdi.

Genuyaliklar futbolchini sotishdan 15 mln yevro ishlab topishdi(2015 yilda futbolchi uni 3 mln. yevroga sotib olgandi).

Ispan klubi ishtirokida eng qimmat transfer
Aleshandre Pato (18 mln. yevro, «Vilyarreal»dan «Tiangjing Tszyuangtszyang»ga. Shartnoma muddati: 3,5 yil)

Pato 10 yil muqaddam zamonaviy futbolda Braziliyaning eng iqtidorli futbolchilaridan biri sifatida qaralardi. Ammo futbolchi o‘z imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqara olmadi. 2013 yildan 2016 yilga qadar Braziliyaning «Korintians» klubiga tegishli bo‘lgan futbolchi turli klublarda ijaraga asosida yurdi, lekin birortasida o‘zini aytarli tarafdan ko‘rsata olmadi.

Yozda u «Vilyarreal» safiga kelib qo‘shildi. Yarim mavsumda 22 uchrashuv o‘tkazgan futbolchi 6 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Ispan jamoasi Patoni sotishdan 4 oy ichida 15 mln yevro foyda ko‘rdi (2016 yil yozida  hujumchi 3 mln. yevro evaziga sotib olingandi).

Ko‘proq yangiliklar: