McLaren va BMW kompaniyalari yangi avloddagi dvigatelni birgalikda ishlab chiqishmoqchi. Britaniya markasi matbuot xizmatining xabar berishicha, firmalar quvvatni oshirish va atrof-muhitga zararli moddalarni chiqarishni kamaytirish borasida birgalikda ishlaydi.
Ma'lum bo‘lishicha, loyihaga «Maklaren» boshchilik qiladi. Unda BMW’dan tashqari Ricardo (McLaren’ning motorlar ishlab chiqarish bo‘yicha amaldagi sherigi), Grainger va Worrall (metall quyish texnologiyasiga javob berishadi), shuningdek kompozit materiallariga ixtisoslashgan Lentus Composites firmalari ham ishtirok etadi. Bundan tashqari, tadqiqot ishi Britaniyaning Bat universiteti tomonidan olib boriladi.
Ta'kidlanishicha, ishlarning yarmi Buyuk Britaniya hukumati tomonidan - Advanced Propulsion Centre (APC) ilmiy-tadqiqot tashkiloti tomonidan moliyalashtiriladi. Autocar nashri ma'lumotiga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati taxminan 32,5 million yevroni tashkil etadi.
Qo‘shma ishdan ko‘zlangan asosiy maqsad hajmni oshirmagan holda dvigatel quvvatini ko‘paytirish va karbonat angidrid chiqarib tashlanishi darajasini kamaytirishdan iborat. Boshqa so‘z bilan aytganda, kompaniyalar motor hajmining har bir litridan hozirgi kundagidan ham ko‘proq ot kuchini dvigatellar ekologik xavfsizligiga ta'sir ko‘rsatmagan holda “olishmoqchi”.
Taxminlarga ko‘ra, McLaren’ning yangi texnologiyalar bo‘yicha ishlab chiqilgan motori 2020 yilda paydo bo‘ladi. Marka boshqaruvchisi Mayk Flyuittning ta'kidlashicha, loyiha firmaning Track22 biznes-rejasi bir qismiga aylanadi. Uning asosiy yangiliklaridan biri esa - 650S superkari yangi nusxasidir. U 2017 yilning bahoridagi Jyeneva avtosaloni doirasida taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, yangilikka 720S nomi beriladi. Unga Monocage II uglerod tolali monokoki asos qilib olinadi, model og‘irligi esa avvalgisi bilan solishtirganda 18 kilogrammga yengilroq bo‘ladi.