Smartfonning universalligi, uning ixchamligi va keng imkoniyatlari tibbiyot sohasiga borgan sari kuchli ta'sir ko‘rsatishni boshlamoqda. Olimlar iPhone’ni OIV, saraton va qand kasalini diagnostika qilish, qondagi shakar miqdorini aniqlash va ko‘rish qobiliyatini tekshirish uchun qo‘llashni o‘rganib olishdi. Ko‘p hollarda smartfon dastur va portativ qurilma bilan ishlovchi kompyuter sifatida qo‘llanadi.
Stenford universiteti mutaxassislari smartfon egasiga tezda teri saratoniga tekshiruvdan o‘tishga imkon beruvchi algoritm yaratishdi. Melanomaning (teri saratoni) dastlabki bosqichlarida uni davolash 97 foiz holatda kasaldan to‘liq forig‘ bo‘lishni kafolatlaydi, agar tashxis kechroq qo‘yilgan bo‘lsa, sog‘ayib ketish imkoniyati 14 foizgacha pasayadi. Asosiy muammo shundaki, ko‘pchilik odamlar salomatliklarining kritik holatga qadar yomonlashmaguncha kasallik alomatlariga e'tibor qaratmaydilar.
Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, ularning algoritmi teri saratonini ilk bosqichlarida dermatologlar kabi aniqlikda aniqlay olishga qodir. Algoritmni o‘qitish uchun terining turli shikastlanishlarining 130 mingdan ortiqroq suratidan iborat baza va Google’ning taniy oladigan algoritmi qo‘llangan.
"Bizning algoritmni mashq qildira oladigan teri saratonining birorta bazasi mavjud emasdi, shu sababli biz o‘zimizning bazani yaratdik. Biz internetdan suratlar olib, turli ma'lumotlardan sifatli bazani yaratish uchun tibbiyot maktabida ishladik", deb aytdi tadqiqot yetakchisi Brett Kupler.
Ayni vaqtda algoritm 18 ta onlayn-ombordagi ma'lumotlar bazasidan foydalangan holda faqat kompyuterda ishlamoqda. Bo‘lg‘usida tadqiqotchilar dasturni smartfonga moslashtirishni rejalashtirishmoqda, biroq bu qachon qilinishi va tashxislash qaysi tamoyillarga ko‘ra amalga oshirilishiga aniqlik kiritilmagan.