KGI Securities tahlilchisi Min-Chi Kuoning so‘zlariga ko‘ra, Apple kompaniyasi yuzdan taniy olish tizimi foydasiga Touch ID texnologiyasidan voz kechadi. MacRumors shu haqida ma'lum qildi.
Min-Chi Kuo yangi avlod iPhone qurilmalarida tiniq OLED-ekranlar joriy etilishi munosabati bilan korpusda Home tugmasi va Touch ID datchigi uchun joy qolmaydi, deb hisoblaydi. Buning o‘rniga biometrik xavfsiz yangi texnologiya ishlab chiqilmoqda - unga ko‘ra, iPhone qurilmasi old kamera orqali o‘z egasining yuzini smartfon xotirasidagi suratlar bilan taqqoslaydi.
KGI Securities eksperti shuningdek barmoq izlari optik skanerini ishlab chiqish imkoni ham mavjudligini inkor etmadi. Manbaga ko‘ra, u displey ostiga joylashtiriladi va korpusning oldi tomonidan ortiqcha joy olmaydi.