2017 yilning 23 yanvar kuni Toshkent shahrida GM Uzbekistan, UZINFOCOM, Inxa Universiteti, Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti va Turin politexnika universiteti orasida avtomobillarni sotish va sotuvdan keyin xizmat ko‘rsatish jarayonida axborot va kommunikatsiya xizmatlaridan keng foydalanish haqida memorandum imzolandi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida xabar berilgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, bunday hamkorlik kompaniya taklif qilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va mavjud bo‘lgan muammolarni hal qilishga yordam beradi. Xususan, bo‘lajak loyihada xaridorlar yaqin masofada joylashgan avtomobil dilerlarini topish va o‘z fikr-mulohazalarini bildirishlari mumkin. Shuningdek loyihada keyinchalik avtomobillarni onlayn tarzda sotish ham ko‘zda tutilgan.
Loyihaning yana bir jihati - o‘zbekistonlik avtomobil ishlab chiqaruvchisi va aholi orasida aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu loyiha aholiga GM Uzbekistan tomonidan amalga tadbiq qilinayotgan yangilik va o‘zgarishlar haqida xabar qilib boradi.
Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun yuqorida aytib o‘tilgan oliy ta'lim muassasalar talabalari malaka oshirishga taklif qilinadi. Amaliyot yakunida eng munosib talabalar GM Uzbekistan kompaniyasiga ishga taklif qilinadi.