Xitoy 2020 yilga kelib, yangi energiyada harakatlanuvchi avtomobillar (new energy vehicles, NEV) deb nomlanuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni 4 baravarga oshirib, yiliga 2 mln donaga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Sinxua agentligining yozishicha, mazkur rejalar xususida XXR sanoat va axborot vaziri Myao Vey ma'lum qilgan. 2016 yilda Xitoyda 517 ming dona NEV avtomobillari ishlab chiqarilgan.
Myao Veyning qayd etishicha, 2025 yilga borib, Xitoy avtomobil bozoridagi savdolarning 20 foizi aynan shu kabi transport vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi mashinalarga asosan elektromobillar, gibrid mashinalar hamda yonilg‘i elementida (masalan, vodorod asosidagi elektrokimyoviy qurilma) yuradigan avtomobillar kiradi.
Dekabr oyi o‘rtalarida xabar qilinganidek, Xitoyning 5ta kompaniyasi mamlakat hududida NEV avtomobillarini ishlab chiqarishga taxminan 432 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Xitoy hukumati, shuningdek, 2020 yilga kelib, mamlakatda eng yirik tadqiqotlar va ishlab chiqarish markazini barpo etishni rejalashtirgan.