Yaponiyaning aerokosmik agentligi dunyodagi eng mitti raketa-tashuvchi SS-520-4’ni orbitaga sun'iy yo‘ldosh olib chiqishi uchun koinotga uchirdi.
Raketa mahalliy vaqt bilan 15 yanvar soat 08:33da Kagosima prefekturasidagi Utinomura koinot markazidan uchirilgan. NHK telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, raketa startidan 7,5 daqiqadan keyin aloqa sun'iy yo‘ldoshi Yerdan 200 km balandlikdagi belgilangan orbitaga olib chiqilgan.
Dastlab raketa 11 yanvarda uchirilishi rejalashtirilgandi, biroq parvoz yomon ob-havo sharoiti tufayli qoldirilgandi.
SS-520-4 dunyodagi eng kichik raketa bo‘lib, orbitaga sun'iy yo‘ldosh olib chiqa oladi. Uning balandligi 9,5 metr, diametri 50 santimetr, og‘irligi 2,6 tonnani tashkil qiladi. Bu raketa hozirda Yaponiyada qo‘llanuvchi uchish qurilmalaridan ancha kichikdir: N2A raketasining uzunligi 50 metr, "Epsilon"niki esa 25 metrni tashkil qiladi. Yer sirti kuzatuvini olib boradigan sun'iy yo‘ldoshning o‘lchamlari ham juda kichik: og‘irligi 3 kg, o‘lchamlari 11,66 x 11,6 x 34,6 santimetr.
Raketa va sun'iy yo‘ldoshning kichik o‘lchamlari ularni yaratish va uchirish uchun sarf-xarajatlarni 10 martalab kamaytirishga imkon berdi. Xarajatlar 400 mln iyenni (3,4 mln dollar) tashkil qilgan. Bu esa Yaponiyada an'anaviy tarzda ishlatiluvchi raketalar uchirilishiga ketadigan xarajatlarning yuzdan birini tashkil qilmoqda. Misol uchun, N2A turidagi raketani uchirish o‘rtacha 10 mlrd iyendan ko‘proqni (100 mln dollardan ko‘proq) tashkil qiladi.