Sony Corporation of America va Sony Entertainment ko‘ngilochar bo‘limi bosh direktori Maykl Linton shu yilning 2 fevralida lavozimini tark etadi. U Snapchat va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi Snap kompaniyasi direktorlar kengashi raisi lavozimini egallaydi, deb yozadi The New York Times gazetasi.
Mayk Linton 2013 yildan beri Snap direktorlar kengashi tarkibiga kirgan va kompaniya asoschisi Evan Shpigelning maslahatchisi vazifasini bajarib kelgan. Linton Sony xodimlariga yo‘llagan maktubida ma'lum qilishicha, ilk kunlardan Snapchat va Snap rivojida qatnashgan hamda uning rivojlanayotganini e'tiborga olib, Snap kompaniyasini boshqarishga diqqatini qaratishga qaror qilgan.
Linton kelgusi 6 oy mobaynida Sony prezidenti Kadzuo Xirai bilan birga Yaponiya kompaniyasini boshqarishda ishtirok etadi. Bu muddat mobaynida uning o‘rniga munosib nomzod topilishi kerak.
2016 yil qishida Snap AQSh qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasiga ariza topshirib, 2017 yil birinchi yarmida IPO (initial public offering) savdosi o‘tkazishini ma'lum qilgan edi. Kompaniya 20-25 mlrd dollarlik qiymatga ega bo‘lishni rejalashtirgan.
IPO (initial public offering) – o‘z aylanma mablag‘ini ko‘paytirishni xohlagan va ilk bora birjaga chiqayotgan xususiy firma yoki kompaniya, boshqa kafil tomonlar ishtirokida o‘z aksiyalarini savdoga qo‘yadi.