Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari videoroliklaridan daromad olishning yangi tizimini ishga tushirdi. U video o‘rtasida reklama ko‘rsatishni nazarda tutadi. Bu haqda Recode loyiha bilan tanish bir necha manbalarga asosan xabar bermoqda.
Nashr suhbatdoshlarining ta'kidlashicha, reklama beruvchilar reklamani foydalanuvchilar rolikning kamida 20 soniyasini tomosha qilishgach, qo‘yish imkoniga ega bo‘lishdi. Shu bilan bir qatorda, videoning o‘zi kamida 90 soniya davom etishi kerak. Reklamadan keluvchi daromadning 55 foizi videoni joylashtirgan foydalanuvchiga taqdim etilsa, qolgani ijtimoiy tarmoqning o‘zida olib qolinadi – xuddi shunday nisbat YouTube’dagi roliklarda ham qo‘llaniladi.
Facebook vakillari yangi reklama shakli haqida ma'lumot berishmadi.
Recode’ning ta'kidlashicha, bu rolik mualliflari o‘z videolari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yirik pulni olishlari mumkin bo‘lgan birinchi tizim bo‘lishi mumkin. Aksariyat videoservislar asosiy video boshida reklama roliklaridan foydalanishayotgan bo‘lsa, Mark Tsukerberg bundan voz kechdi.
Facebook bir necha yil davomida foydalanuvchilar orasida videoni faol ravishda targ‘ib etib keldi va 2016 yilda kuniga roliklarni tomosha qilish vaqti – 100 million soatga yetdi, deb eslatadi Recode. Shu bilan bir qatorda, reklama beruvchilar ko‘magida roliklarni taqdim etish imkoni faqatgina 2016 yilda paydo bo‘ldi.