AQShning Las-Vegas shahrida Razer’ning uch monitorli noutbuki nusxasi o‘marib ketildi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Min-Lyan Tan o‘zining “Feysbuk”dagi sahifasida xabar bergan.
Razer rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Project Valerie’ning ikki nusxasi yakshanba, 8 yanvar kuni kechqurun stenddan o‘g‘irlab ketilgan. Min-Lyan Tan kompaniya bu oddiy o‘g‘irlik yoki sanoat josusligi harakati bo‘lganini hali bilmasligini ma'lum qildi.
Jinoyatchilarni qidirib topishga yordam beruvchi ma'lumot uchun 25 ming AQSh dollari miqdoridagi mukofot puli va'da qilindi.
Ma'lumot uchun, Project Valerie – uchta 17 dyuymli monitorga ega bo‘lgan o‘yin noutbuki bo‘lib, ularning har birida 4K kengligi mavjud. Ikkita qo‘shimcha monitor asosiysining yoniga joylashtiriladi.