Jahon | 10:31 / 06.01.2017
9176
2 daqiqa o‘qiladi

Kerri Trampni Eron yadro bitimini bekor qilishdan ogohlantirdi

foto: AP

AQSh davlat kotibi Jon Kerri lavozimini tark etishdan avval, bo‘lg‘usi prezidenti Donald Trampni Eron bilan erishilgan yadro bitimini bekor qilishga urinish oqibatlaridan ogohlantirdi. 

Tramp Tehron yadro dasturi bo‘yicha erishilgan kelishuvni bir necha marotaba tanqid qilgan edi. Mazkur bitim natijasida BMT jazo choralari va ikki tomonlama ko‘plab sanksiyalar bekor qilingandi. 

"Biz muzokaralarni boshlaganimizda Eronda 19 mingdan ortiq sentrifugada yadro yoqilg‘isi boyitilayotgan edi. 12 ming kg boyitilgan radioaktiv yoqilg‘i tayyor edi … agar Eron shu yo‘nalishda davom etishni xohlaganida, 10tadan 20tagacha bombani tayyorlashga kifoya qiladigan darajada yadro xom ashyosiga ega edi", — degan Kerri Vashingtonda o‘tkazgan matbuot anjumanida. 

"Bir tomonlama yondashuv yoki muzokaralardan to‘liq bosh tortish bizni ikkita salbiy natija qarshisiga qo‘yar edi: bulardan biri yadro quroliga ega bo‘lgan Eron yoki Yaqin sharqdagi yana bir mojaro. Men ochiq-oydin aytmoqchimanki, bu kelishuvni bekor qilish bizni ushbu ikki holatdan biriga duch qilar edi", — deb qo‘shimcha qilgan Kerri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "300 kg boyitilgan urandan bomba yasab bo‘lmaydi — Eron ixtiyorida qolgan radioaktiv modda miqdori shunchani tashkil etadi". Uning yodga olishicha, Eron o‘z ixtiyorida 5 ming sentrifugani saqlab qolgan va yadro yoqilg‘isini 3,7 foizdan ortiq boyitmaslik majburiyatini olgan. Bu esa, qurol uchun uran ishlab chiqarishga kifoya qilmaydi. 

 

Mavzuga oid