Koreyaning Hyundai avto ishlab chiqaruvchisi mavjud ekzoskeletlarga qaraganda ancha hamyonbop bo‘lgan modellar bilan bozorga chiqishni rejalashtirmoqda. Kompaniya Las-Vegasdagi taqdimot doirasida robkostyumning ikki xil variantini namoyish qildi - H-Mex va H-Wex. Bu haqida engadget.com saytida xabar berildi.
H-Mex kostyumi qariyalar va oyoq sohasidan shol bo‘lgan bemorlarga mo‘ljallangan. Prototip bo‘yi 1.67 metrdan 1.78 metrgacha bo‘lgan kishilarga moslangan bo‘lib, ularning bel va oyoq qismlariga mahkamlanadi. Kiyim qurilmani boshqaruvchi qo‘shimcha tugmali hassalar bilan ta'minlangan. Ekzoskeletda bir urinishdayoq yurib ketish qiyin, albatta. H-Mex yurish, turish, stul yoki divanga o‘tirish, zinadan chiqish yoki tushishga imkon beradi. Ekzoskelet tanani boshqarishga mo‘ljallangan o‘yin kontrolleri kabidir.
Hozircha boshqaruv juda yuqori darajada emas, shu bois kompaniya qo‘llash qulay bo‘lgunga qadar ekzoskeletlar ustida qo‘shimcha ishlaydi. Shunday bo‘lsa-da, odamlarga yurish imkonini berishning o‘ziyoq hurmatga sazovor.
Manbaga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi uning narxi hamyonbop bo‘lishiga va'da bermoqda, biroq ekzoskeletning aniq qiymati hozircha ma'lum qilinmagan.
H-Wex modeli yelka sohasida muammolari bo‘lgan kishilarga mo‘ljallangan. Uskuna umurtqa pog‘onasiga tushadigan og‘irlikni kamaytirish uchun ryukzak kabi yelkaga osiladi. Taqdimot chog‘ida prototipni sinab ko‘rishga musharraf bo‘lgan kishilarning so‘zlariga ko‘ra, 18 kilogrammli qutini ko‘tarish ancha oson bo‘lgan. Ular bu payt o‘zlarini xuddi umurtqa pog‘onasida prujina paydo bo‘lgandek his etishganini ta'kidlashgan.
Hyundai Janubiy Koreya va AQShda o‘z qurilmalarini sertifikatlash bilan shug‘ullanmoqda, kompaniya 2018 yilga borib, barcha zarur ruxsatlarni olishga umid qilmoqda. 2019-2020 yillarda kompaniya bemorlar va tibbiy xodimlar ularning ekzoskeletlariga qanday munosabatda bo‘lishi va baholashini ko‘rish uchun ularning demo-versiyalarini yetkazib bera boshlaydi.