Rossiyalik talaba IShIDga qo‘shilmoqchi bo‘lgani uchun 4,5 yilga qamaldi

Jahon 18:55 / 22.12.2016 12524

Moskva okrug harbiy sudi Aleksandra Ivanovaga (Varvara Karaulova) 4,5 yilni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tkazish bo‘yicha hukm chiqardi. Bu haqda sud zalida ishtirok etgan RIA Novosti muxbiri ma'lumot bergan.

"Varvara Karaulovaga so‘ralganidek 5 yil emas, 4,5 yil qamoq jazosi berildi. Yangi yilgacha biz apellyatsiya bilan murojaat etishimiz mumkin", deya yozgan uning advokati Ilya Novikov.

Bundan oldinroq, prokuror Karaulovaga 5 yillik qamoq muddati berishni va 150 ming rubl miqdorida jarima qo‘llashni so‘ragandi.

Sudlanuvchi Suriyaga urushda va teraktlarda ishtirok etish uchun emas, o‘zi yoqtirgan yigitga turmushga chiqish uchun bormoqchi bo‘lganini ma'lum qilgan.

Varvara Karaulova 2015 yilning oktabrida IShIDga a'zo bo‘lishga urinishda ayblanib, qo‘lga olingandi. MGU Falsafa fakulteti talabasi bo‘lmish Karaulova ota-onasidan yashirin holda chet elga chiqish uchun pasport rasmiylashtirgan va 27 mayda Istanbulga uchib ketgan. 4 iyunda uni Turkiya-Suriya chegarasidagi Kilis shahrida, yana 14 nafar rossiyalik  bilan birga qo‘lga olishgan va Moskvaga qaytarilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: