Italiyaning Leonardo-Finmeccanica kompaniyasi uchuvchisiz boshqariladigan vertolyotni ishlab chiqdi. Solo sinovlari Italiyaning Taranto viloyatidagi Taranto-Grottale aeroportida o‘tkazilgan, deb xabar bermoqda Defense Aerospace.
Uchuvchi uskuna asosida polshalik muhandislar tomonidan 1996 yilda ishlab chiqilgan SW-4 Puszczyk vertolyotidir. Uning uzunligi – 10,6 metr bo‘lib, parragi – 9 metrga teng. Vertolyot 0,6 tonnalik yukni o‘z manziliga yetkazib qo‘yish imkoniga ega. SW-4 Puszczyk maksimal tezligi – soatiga 260 kilometrni, parvoz masofasi uzoqligi – 790 kilometrni tashkil qiladi.
Solo’ni ba'zi bir vaziyatlarda yerdan operator yordamida boshqarish mumkin. Shuningdek, alohida vazifalar uchun uchuvchini jalb etish ham ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, vertolyotdan xavfli tumanlarga yuk yetkazib berishda foydalanish mumkin. Operator xavfsiz hududda joylashadi va bu uchuvchi hayotiga xavf tug‘dirmaydigan masofadan turib boshqarish imkonini beradi.
Solo aerodromda uchuvchisiz holda sinovdan o‘tkazildi hamda tajribalar omadli deb tan olindi. Muhandislar tizim ishlashi va mashina boshqaruvini jiddiy tekshiruvdan o‘tkazishgan. Endilikda esa tizimning bir qismi ishdan chiqqanda parvoz imkonini ko‘rish uchun qo‘shimcha tajribalar o‘tkaziladi. U qachondan boshlab ommaviy ravishda ishlab chiqarilishi noma'lum.