"Gazprom" Turkiyadagi eng yirik aktividan ayrilishi mumkin

Iqtisodiyot 11:00 / 20.12.2016 8722

"Gazprom" Turkiyadagi eng yirik aktivi – kompaniya va Gazprombankning Akfel Holding’dagi ulushini yo‘qotishi mumkin. Ular natsionalizatsiya qilinadi, deb yozadi "Kommersant" gazetasi vaziyat bilan tanish manbalarga asosan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiya hukumati Akfel Holding’ni nazoratga olib, direktorlar kengashini o‘zgartirgani dekabr boshida ma'lum bo‘ldi. Biroq o‘shanda rossiya investitsiyalari holati noma'lumligicha qolgan. Endilikda esa turk omonatlarni sug‘urta qilish Jamg‘armasi (TMSF) norasmiy tarzda “aksiyadorlar vazifasini bajarayotgani” haqida xabar berdi.

Akfel Holding eng yirik tuzilmalari — Akfel Gas ("Gazprom" bilan yiliga 2,25 milliard kub gaz bo‘yicha shartnoma), Avrasia (0,5 milliard) va Enerco (2,5 milliard) hisoblanadi. So‘nggi ikki kompaniyada 60 foizlik ulush Akfel va Gazprombank qo‘shma korxonasiga tegishli. Enerco’dagi boshqa 40 foiz esa Avstriyaning OMV’ga qarashli. 

Umumiy hisobda Akfel guruhi kompaniyalariga "Gazprom"ning xususiy turk korxonalariga yetkazib beradigan mahsulot portfeliga 55 foiz to‘g‘ri keladi. 

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, turk hukumati 2 dekabr kuni Akfel Holding direktorlar kengashini butunlay yangilagan – uning tarkibiga TMSF vakillari va maslahatchilar kirdi. Bu esa Turkiyada iyul oyida ro‘y bergan davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng qabul qilingan 674 raqamli favqulodda qaror yordamida amalga oshirildi, ta'kidlaydi nashr.

"Bizdan rossiya gazining Turkiyadagi eng ko‘p foyda keltiradigan sotuvchisini olib qo‘yishdi", - deya ma'lum qilgan gazeta suhbatdoshi. Akfel va "Gazprom"da esa bu borada hech qanday izoh berishmagan.
 

Ko‘proq yangiliklar: