OPeK mamlakatlari noyabr oyida rekord darajada neft qazib olgan

Iqtisodiyot 16:36 / 13.12.2016 3928

OPeK mamlakatlarining noyabr oyida qazib olgan neft miqdori kuniga 34,2 million barrelni tashkil etgan. Bu oktabr oyi bilan taqqoslaganda kuniga 300 ming barrelga ko‘pdir, deyiladi Xalqaro energetika agentligi hisobotida. 

"OPeK mamlakatlarining neft qazib olish miqdori o‘tgan yilgi kunlik ko‘rsatkichdan 1,4 mln barrelga ko‘p", — deya qayd etilgan hujjatda. 

XEA ma'lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida jahon neft bozoridagi taklif ham rekord ko‘rsatkichni qayd etgan va kuniga 98,2 million barrelni tashkil etgan. OPeKka a'zo bo‘lmagan mamlakatlarda neft qazib olishning kamayishi, tashkilotga a'zo davlatlar hisobiga to‘ldirilgan. 

Endilikda, OPeK mamlakatlari yanvar oyidan boshlab kunlik neft qazib olish miqdorini 1,2 mln barrelga kamaytirishga kelishib oldi. Bu kelishuvga, tashkilotga a'zo bo‘lmagan hamda neft qazib olishni kuniga 558 ming barrelga kamaytirishga tayyorligini bildirgan 11 davlat ham qo‘shilgan.

Ko‘proq yangiliklar: