Boeing korporatsiyasi keng fyuzelyajli 777 laynerlarini ishlab chiqarishni qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qildi. 2017 yil avgustidan e'tiboran kompaniya o‘rtacha 8,3 dona o‘rniga 5tadan shu turdagi havo layneri ishlab chiqaradi. Shu bilan qisqartirish hajmi 40 foizni tashkil etadi, deb xabar qilmoqda Reuters agentligi.
Kompaniya yangi modellar ishlab chiqarishga mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda. Shunga qaramay, ushbu qaror kompaniya va uning butlovchi qismlar yetkazib beruvchi hamkorlari faoliyatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatishi aytilmoqda. 777-modelning qisqartirilishi, shuningdek, kompaniya ishchilariga ham tegishli bo‘ladi. Ammo, bu kompaniyaning bu yilgi moliyaviy ko‘rsatkichlariga unchalik jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi, deya ishonch bildirmoqda Boeing rahbariyati.
Ayni vaqtda, kompaniya dividendlarni 30 foizga oshirish rejasini e'lon qildi.