Avstraliyalik Lyuk Mur mahalliy bankning kompyuteri xatosi hisobiga 2,1 millionlik bo‘lib qoldi. Keyingi ikki yil mobaynida u qo‘lga kiritgan pullarini qimmatbaho avtomobil, hashamatli sovg‘alar va sayohatga sarfladi. Ammo oradan vaqt o‘tib firibgarlikda ayblandi va qamoqqa tashlandi. 2016 yilning dekabr oyi boshlarida sud hukmni o‘zgartirdi. Mur Daily Telegraph nashriga bergan intervyusida millionlar unga baxt olib kelmaganligini gapirib o‘tdi.
2010 yilning mart oyida St.George Bank banki yo‘l qo‘ygan xatolik sabab millionlarga ega bo‘lgan Lyuk bu haqida hech kimga xabar bermadi va pullarni o‘z ehtiyojiga sarflay boshladi.
Natijada Mur ikki millionga yaqin pulni naqdlashtirib oldi va ularga Maserati, Aston Martin va Alfa Romeo mashinalarini, shaxsiy kater, Maykl Jordanning futbolkasini, Maykl Jyeksonning imzosi tushirilgan plastinkani, xuddi shunday shaxsiy imzo chekilgan Kayli Minougning fotosuratlarini xarid qildi. Mashable ma'lumotiga ko‘ra, gap avstraliya dollari haqida bormoqda.
Shundan so‘ng bank xatolikni aniqladi va suddan uning uchun 10 yil qamoq jazosini berishni talab qildi. 2015 yilda hukm o‘qildi: avstraliyalik 7 yil qamoq jazosini oldi. To‘plagan boyliklari musodara qilingach, besh oy muddat qamoqda o‘tirgan yigit, sud hukmi bilan ozod etildi.