Oddiy dehqondan Osiyoning eng badavlat kishisigacha - Hyundai asoschisi Chon Chju Yonning hayot yo‘li

Iqtisodiyot 11:33 / 08.12.2016 47494

Osiyolik konglomeratlarning katta qismi allaqachon dunyoning eng badavlat kishilari ro‘yxatidan joy olishgan. Ular boshqa mintaqalar vakillari orasida o‘ziga xos ish tuzilmasi, korporativ madaniyati, shuningdek, hukumat bilan hamjihatlik qilish va ulardan alohida imtiyozlarga ega bo‘la olishlari bilan ajralib turishadi. 

Janubiy Koreya taraqqiyotida cheboli muhim o‘rin tutadi - bu ko‘plab turli yo‘nalishdagi kompaniyalarni o‘zida jamlagan moliyaviy-sanoat guruhlarining maxsus tashkiloti. Bir qarashda cheboli mustaqildek ko‘rinadi, aslida esa bu guruhlar yagona moliyaviy va ma'muriy nazorat ostida, bir oilaga tegishli bo‘ladi. Vc.ru'ga ko‘ra, cheboliga eng yaqqol dalil sifatida Hyundai'ni keltirish mumkin. Bu konglomerat asoschisi Chon Chju Yon bo‘lib, u oddiy ishchidan Osiyoning eng badavlat kishilaridan birigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. U o‘zini nafaqat biznes sohasida, balki mamlakat hukumati bilan o‘zaro ishonchli munosabatlarni yo‘lga qo‘ya olishi bilan ham namoyon qildi. 

 

Chon Chju Yonning yoshlik yillari va biznesni yo‘lga qo‘yishdagi ilk urinishlari

Chon Chju Yon 1915 yilda Asan qishlog‘ida kambag‘al dehqon oilasida dunyoga kelgan. U paytlar Koreya Yaponiya protektorati ostidagi mamlakatlardan biri edi. Bu mahalliy aholining ko‘p jihatdan cheklanganini bildirar edi. O‘sha paytlardagi aksariyat osiyolik dehqonlar kabi Chonning oilasi ham bazo‘r kun ko‘rardi. 

Bo‘lg‘usi ishbilarmon bolaligida o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilgan. Biroq bu orzuning amalga oshishi dargumon edi, chunki koreys bolalari ko‘pi bilan boshlang‘ich ta'limnigina olishgan. Ota-ona o‘g‘lining boshlang‘ich maktabda o‘qishiga imkon bergan, biroq uning qiziqishlarini to‘la rag‘batlantirishning ilojisi yo‘q edi.

Boshlang‘ich ta'limni olgan Chon Chju Yon ota-onasiga xo‘jalik ishlarida yordam berib yurdi. Shuning barobarida, u o‘zining ta'lim olish bilan bog‘liq orzusini amalga oshirishga harakat qildi va mahalliy Konfutsiya maktabida o‘qidi.

Chon 18 yoshida ota-onasiga hech narsa demay, uyni tark etgan va Seulda yaxshiroq ish topishga umid qilgan. Biroq uning bu umidlari chippakka chiqqan. Chon bir necha joylarda oddiy ishchi bo‘lib xizmat qilgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, u dastavval temir yo‘l qurilishida ishtirok etgan. Ish juda og‘ir bo‘lgan, zero Chon 15 soatlab ishlashiga to‘g‘ri kelardi, olgan maoshi esa faqat yegulik va yotoqxonaga yetardi. 

Chon Chju Yon qulay shart-sharoitlarni izlab, ish joyini ko‘p marta o‘zgartirgan. Oxir-oqibat u kichik do‘konga kurer bo‘lib ishga joylashgan, yana bir versiyaga ko‘ra esa - guruch omboriga. Ombor egasi Chonga hatto kichik hujra ham taqdim etgan.

Chon Chju Yon sidqidildan mehnat qilgan, olgan bilimi esa hayotda asqatdi. Chon ishlayotgan ombor egasi o‘z xodimining fazilatlarini ilg‘ab, uning faoliyat doirasini kengaytirgan. Bir oydan keyin bo‘lg‘usi ishbilarmonga hisob-kitob ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan va u buni yaxshi uddalagan. Ba'zi manbalarda keltirilishicha, Chon Chju Yon u yerga kotib sifatida ishga kirgan. Asta-sekinlik bilan Chon biznes boshqaruvini qo‘lga olgan, 1937 yilda, biznes egasining o‘limidan keyin esa uning ishini meros qilib olgan. 

Yana bir versiyaga ko‘ra, Chon 1936 yilda o‘z qishlog‘iga qaytib, otasi bilan yarashib olgan. 1937 yilda u sobiq ish beruvchisidan guruch biznesini sotib olgan hamda aka-singillarini shu ishga jalb qilgan. Chon ajoyib tadbirkor bo‘lgan va yaxshi pul topgan. Biroq bu ham uzoqqa cho‘zilmagan. 

1939 yilda biznesni yuritishda tashqi tomondan qiyinchiliklarga duch kelgan Chon uni yopishga qaror qilgan. 

Keyinchalik Chon o‘z qishlog‘idan yer sotib oladi va fermer xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Shu bilan bir vaqtda u yangi biznes yaratish to‘g‘risida o‘ylay boshlaydi. Biroq yangi ish ochish uchun dastlab yapon hukumati qaysi sohalarda haddan ziyod ta'qib qilmasligini tushunib yetish zarur bo‘lgan. 1940 yilda Seulda Chon avtota'mirlov xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan. U o‘zi mashina haydashni bilmasa-da, o‘sha paytda bu unga ajoyib g‘oya bo‘lib ko‘ringan.

Dastlab u ustaxonani ijaraga olgan,keyinchalik esa uni sotib olganligi ta'kidlangan. O‘z biznesini xavfsizlantirish maqsadida Chon Yaponiyadan o‘ziga hamkor topadi. Ikki yollanma mexanikdan tashqari ustaxonada ishbilarmonning qarindoshlari ham mehnat qilishgan. 

Kichik reklama kampaniyasi muvaffaqiyatning muhim bir qismiga aylanadi. U Chonning biznesiga Seul aholisi, shuningdek xorijiy elchixonalar vakillari, yapon amaldorlari va koreys poytaxtining boshqa nufuzli shaxslari e'tiborini qaratadi. Mijozlarni ustaxonaning dam olish kunlari va bayramlarsiz, 17 soatlik ish rejimi ham o‘ziga jalb qiladi. 

Bundan tashqari, Chon Chju Yon yaxshi xizmat ko‘rsatishning naqadar muhimligini anglab yetgan - ustaxonada sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatilar edi, doimiy mijozlarni esa koreys oshxonasi taomlari bilan mehmon qilishgan. 

Mazkur muvaffaqiyatli biznes yana bir qiziqarli xususiyatga ega bo‘lgan. Chon Chju Yon xorijiy mijozlar avtomobillaridagi yangi ehtiyot qismlarni eski, mukammal silliqlangan qismlarga almashtirar edi. 

Biroq bu usul ish bermadi va 1943 yilda yapon hukumati Chondan avtoustaxonani tortib oldi. Bu paytga kelib, u yerda 70 nafar xodim xizmat qilar edi. O‘z ishidan ayrilgan Chon Chju Yon qo‘lida taxminan 50 ming von bilan qolib ketadi. Tez orada u qishlog‘iga qaytib, kichik biznesni yo‘lga qo‘yadi va urush tugagunga qadar shu yerda yashaydi. 

 

Hyundai'ning yaratilishi. Hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va har tomonlama o‘sishi

1946 yilda Chon Seulga qaytadi va  u yerda Hyundai Motor Industrial kompaniyasini ishga tushiradi. Ishbilarmon AQSh harbiy transporti ta'miri bilan shug‘ullanib, to‘g‘ri yo‘nalishni tanlaydi. Darvoqe, «Hyundai» so‘zi "zamonaviylik" ma'nosini bildiradi. 1947 yilda qurilish bilan shug‘ullanuvchi Hyundai Civil Industries (hozirgi nomi - Hyundai Engineering and Construction)kompaniyasiga asos soladi. 

O‘sha paytlar Koreyada bu yo‘nalish avtomobillarni ta'mirlashdan ko‘ra yoqimliroq ko‘rinardi. Mamlakatda urushdan keyingi tiklanish ishlari ketayotgan, yangi binolar qurilayotgan bir payt edi. Kompaniya yo‘lidagi yagona to‘siq - davlat amaldorlari va ularning shartnomalar tuzishga doir korruptsion sxemalari bo‘lgan. 

Shu yerda ishbilarmonning omadi keldi - uning ukasi amerikaliklarning tarjimoni bo‘lib ishlagan va ular bilan munosabatlarni yaxshilashning uddasidan chiqqan. Natijada amerikalik harbiylar yordamida Chon shahar infratuzilmasini qayta tiklash va qurilish ishlari uchun bir necha yirik shartnomalarni qo‘lga kiritadi. 

Koreya urushi davrida, 1950-1953 yillarda amerikalik jangchilar va sovet uchuvchilari Hyundai'ni shartnoma bilan ta'minlashgan. 

Urushdan keyin uning kompaniyasi yirik kompaniyalardan biri hisoblanardi. Kompaniya shartnoma tuzishda amerikaliklar bilan aloqasidan foydalanishda davom etgan. Xususan, ularga transport tizimini qayta tiklash vazifasi ham yuklatilgan. 

Avvaliga ish uncha silliq kechmagan, daromad kichik bo‘lgan, keyinchalik esa hammasi iziga tushib ketgan va Chon 1970 yilga qadar transport infratuzilmasi bilan shug‘ullangan. 

Janubiy Koreya iqtisodiyotini rivojlantirishning yana bir usuli cheboli bo‘ldi, Janubiy Koreya prezidenti aynan shu usulga tayanishga qaror qildi. U ushbu moliyaviy-sanoat guruhlarini rivojlantirish va bu yo‘nalishni mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi asosiy omillardan biriga aylantirishning tashabbuskori bo‘ldi. Shunisi qiziqki, cheboli o‘z faoliyatida to‘liq erkinlikka ega bo‘lmagan. 

Hukumat ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan, muhofaza qilgan, imtiyozlar taqdim etgan va mahalliy hamda xalqaro bozorlarda targ‘ib qilgan. Chebolilardan ishlab chiqarish sohasidagi qo‘yilgan vazifalarni so‘zsiz bajarish va eksport uchun faol ishlash talab qilinardi. 

Bu tizimda ishchilar hammadan ko‘p jabr ko‘rishgan, cheboli egalarining biznesi esa yurishib ketgan. Tabiiyki, hukumat tomonidan mavjud barcha kompaniyalar imtiyozga ega bo‘lmagan. Biroq Hyundai kompaniyasi ana shu ro‘yxatda qayd etilish baxtiga musharraf bo‘lgan. 

Chon Chju Yon siyosiy arboblar bilan yaxshi til topishgan, uning kompaniyasi esa qurilishga bo‘lgan yondashuvi  - tezkorlik, hamyonbop narxlar, sifat kafolati bilan tanilgan. Chonning ishi va tashkilotchilik qobiliyati prezident Pak Chon Xiga juda yoqardi, uning amerikaliklar bilan aloqasi ham e'tibordan chetda qolmasdi, albatta.

Hyundai Group tarkibiga transport, avtomobillarni ta'mirlovchi va qurilish kompaniyalari kiradi. Ba'zi manbalarga ko‘ra, Hyundai Group eng birinchi chebolilardan biri hisoblanadi. 

Qurilish bo‘yicha hukumat shartnomalari Chon Chju Yonga yaxshi pul topish va xorijda ish boshlash imkonini berdi. Kompaniya Janubiy Koreyada sement zavodlar, Soyangan daryosidagi to‘g‘on, AES, shuningdek Seul va Pusan o‘rtasidagi Geongbu avtostradasini qurgan. Xorijdagi qurilishlari orasida Tailanddagi avtostrada va Saudiya Arabistonidagi sanoat portini alohida ta'kidlash joiz. 

Chon Chju Yonning boshqa sohalardagi biznesi faol kengayib bordi. 1967 yilda Chon Chju Yon avtomobil sohasiga kirib borishga qaror qiladi va Hyundai Motor Company'ga asos soladi. Faoliyatining ilk yillarida u Ford avtomobillarini ishlab chiqarib, o‘z modellarini yaratish bilan shug‘ullanmagan. 

Hyundai amerikalik ishlab chiqaruvchidan litsenziya va har tomonlama yordam olgan. Bu bir necha sabablarga ko‘ra uzoqqa cho‘zilmagan —  Koreya bozorida ishlashni davom ettirish Ford'ning rejalarida yo‘q edi, Chon esa ishlab chiqarishda ko‘proq pul topish va o‘z avtomobillarini yaratishni istardi. 

Shunday qilib, ilk model 1975 yilda Hyundai Pony nomi ostida namoyish etildi. Bu avtomobil Hyundai'ning Janubiy Koreya bozorida yetakchilik qilishini ta'minladi. Shunday bo‘lsa-da, Hyundai Pony'ni faqat koreys mashinasi deyish qiyin, zero texnologiyalar Yaponiya va Angliyadan olingan, uning dizayni bilan esa Italiyaning ItalDesign Giugiaro kompaniyasi shug‘ullangan. Dvigatelni esa Mitsubishi ishlab chiqqan, qolgan detallarni inglizlar yetkazgan.

Biroq bu modelning 1975 yilda Yaqin va O‘rta Sharq, Afrika va Lotin Amerikasi bozoriga chiqishiga to‘sqinlik qilmagan. 1979 yilda koglomeratning bu yo‘nalishida 110 ming avtomobil ishlab chiqarilgan. 

Bundan tashqari, Hyundai kema qurilishi bilan ham shug‘ullana boshladi. Ishbilarmon bu sohada yetarlicha bilimga ega bo‘lmasa-da, Ulsan shahrida dunyoning eng yirik tarmoqlardan biri - Hyundai Heavy Industry'ni qurishga muvaffaq bo‘lgan. 

1975 yilda koglomeratga Kyung-il Industrial po‘lat kompaniyasi qo‘shildi. Bu kompaniya keyinchalik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham ish boshlaydi - Xitoy, AQSh, Braziliya, Chexiya, Hindiston va Rossiya. Hozirda u Hyundai Hysco nomi ostida mashhur. 

1976 yilda Hyundai Machine Tools kompaniyasi yaratildi, uning hozirgi nomi - Hyundai Wia bo‘lib, u Hyundai Motor Group tarkibiga kiradi. U ishlab chiqarish uskunalarini yaratishga ixtisoslashgan. 

1977 yilda Chon xalqaro miqyosda hamkorlik qilishda davom etadi. U Germaniyaning Siemens kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi va bu Hyundai Electrical Engineering elektr uskunalari ishlab chiqaruvchisi faoliyatiga start beradi. Bir vaqtning o‘zida konteynerlar, avto va poyezd ehtiyot qismlari, Hyundai Precision and Industry kompaniyasi ishga tushiriladi.

Bir yildan so‘ng konglomerat o‘rmon sanoatida ish boshladi va Hyundai Wood Industries'ga asos soldi. U mebel va yog‘ochdan yasaladigan boshqa buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, gigantning aktivlari og‘ir metallurgiya sohasida ham kengayib bordi - Incheon Iron & Steel Company qo‘lga kiritildi. 

O‘n yillikda konglomerat yuk tashish, brokerlik xizmatlari sohalarida ham o‘z ko‘lamini kengaytirdi. Shuningdek yana bir - qurilishni loyihalashtirish va ko‘chmas mulkni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya tashkil etildi. Umuman olganda, 70-yillar Chon Chju Yonga Hyundai'ni Janubiy Koreyaning eng yirik cheboliga aylantirish va uning xalqaro maydondagi  mavqeini mustahkamlashga imkon yaratdi. Chon konglomeratni bundan-da kengaytirmoqchi bo‘lgan, biroq 80-yillar inqirozi bu g‘oyani to‘liq amalga oshirishga yo‘l bermagan. 

 

Hyundai 80- va 90-yillarda. Kengayish va inqirozlar

Raqamlar nuqtai nazaridan 1980-yillar Hyundai'ga yomon kelmagan. 1987 yilda konglomeratning taxminan 35 kompaniyasi bo‘lgan. Bundan tashqari, avtomobil yo‘nalishi AQSh va Kanada bozorlariga chiqdi. O‘n yillikning so‘ngida Hyundai AQShga milliondan ortiq avtomobillarni yetkazib berardi. 

Boshqa sohalarda ahvollar havas qiladigan darajada emasdi. Kema qurish va inshootlar qurilishi yo‘nalishlari eng ko‘p jabr ko‘rgan. Bunga buyurtmalar sonining kamayishiga olib kelgan inqiroz sabab bo‘lgan.

90-yillar boshida Hyundai Group Janubiy Koreyaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi konglomerati hisoblanardi. Uning daromadi 35 milliard dollarni tashkil qilgan. Shunda Chon Chju Yon siyosiy karera qurishga qaror qiladi. 1992 yilda u Unification National Party'ga asos soladi.

Tadbirkor konglomerat raisi lavozimini vaqtinchalik tark etib, prezidentlik poygalarida ishtirok etishga qaror qiladi. U paytlar Janubiy Koreya uchun bunday qaror kutilmagan bo‘ldi, odatda tadbirkorlar hukumatga bo‘ysunish pozitsiyasini egallab, siyosatga umuman aralashmas edilar.

Chon Chju Yon prezidentlik poygalarida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu mag‘lub bo‘lgan ishbilarmonning ruhiy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi va 90-yillar oxirida konglomeratda yuzaga kelgan muammolarga sabab bo‘ladi. Saylovlardagi mag‘lubiyatidan keyin Chon siyosiy karerani tark etadi va yana konglomerat raisi lavozimini egallaydi. 

O‘n yillikning boshlanishida vaziyat tahdidli emasdi. Avtomobilsozlik yo‘nalishi faol rivojlanib borardi. 1991 yilda kompaniya tomonidan Alpha nomini olgan ilk dvigatel namoyish qilindi. 1993 yilda ikkinchi model - Beta paydo bo‘ldi. Tabiiyki, avtomobillarning yangi modellari ishlab chiqarildi - Hyundai HCD II, Accent, Coupe, Atoz kabi mashinalar shular jumlasidandir. 

1995 yilda koglomerat tarkibida 60 kompaniya va 200 ming xodim faoliyat yuritardi. 90 milliard dollarlik daromad konglomeratning a'lo darajada ekanligi va o‘sishda davom etayotganligini tasdiqlashga imkon berardi. Darvoqe, 1994 yilda konglomerat boshqarmasini qayta tashkil qilishga urinishgan. 

1997 yilda boshlangan Osiyo inqirozi gigantning ahvolini qiyinlashtirdi. Ko‘p yo‘nalishlarda sotuvlar hajmi pasayib ketdi, bu Hyundai Motor'ga ham tegishli bo‘ldi. 2000 yilga borib, Yaqin Sharqda amalga oshirilmagan loyihalar tufayli Hyundai Engineering and Construction qurilish kompaniyasining qarzi 4,6 milliard dollarga yetdi. 

Hyundai Investment Trust umumiy inqiroz va 2000 yilda bankrotga uchragan Daewoo aksiyalari tufayli parchalanish arafasida edi. Boz ustiga Hyundai Electronics ham yo‘qotishlarga uchradi. 

Haddan tashqari katta Hyundai o‘zgarib borayotgan shart-sharoitlarga moslashishi qiyin kechdi va bu dunyoning eng yirik konglomeratlaridan birini bankrot yoqasiga olib keldi. 

1998 yilda KIA'ning qo‘lga kiritilishi ham vaziyatni yaxshilay olmadi. Umuman olganda, xarid g‘oyasi to‘g‘ri bo‘lgan, biroq KIA'ning 10 milliard dollar qarzi bo‘lgan va u qayta tiklanishga muhtoj edi. Shunday bo‘lsa-da, bu xarid kelajakda  Hyundai Motor'ga o‘z mavqeini mustahkamlashda yordam beradi.  

1999 yilda Xalqaro valyuta fondi tomonidan bir qator Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga 40 milliard dollar kiritilganidan so‘ng inqiroz chekina boshladi. Vaziyatdan foydalangan Chon yana bir yirik xaridni amalga oshiradi - 60% LG Semicon. Bu Hyundai Electronics Industries'ni kattaligi bo‘yicha dunyoning ikkinchi chip ishlab chiqaruvchisiga aylantiradi. 

Bir vaqtning o‘zida Chon Chju Yon davlatning chebolga haddan tashqari katta ta'sirini inobatga olib, biznesni qayta tashkillashtira boshlaydi. Bunga parallel ravishda tadbirkor biznesdan chekinish rejasini tuzardi. Qayta tashkillashtirish natijasida cheboliga kiruvchi bir necha kompaniyalar soni qisqaradi va birinchi navbatda, kam daromad keltirayotgan yo‘nalishlardan voz kechiladi.

Shunday qilib, 2000 yilda konglomerat o‘z diqqatini qurilish, avtomobilsozlik, kemasozlik va chakana savdoga qaratdi. Hyundai'ni Janubiy Koreya hukumati saqlab qoldi - u 2000 yilda konglomeratning 4 yo‘nalishiga 31 milliard dollar kiritdi. Bundan tashqari, Hyundai'ning ko‘p qarzlaridan voz kechildi. 

Shu yili Chon Chju Yon rais lavozimini rasman tark etdi va o‘z vazifalarini o‘g‘li Chon Mon Xunga yukladi. Manbaga ko‘ra, Chon Mon Xun va ukasi Chon Mon Gu o‘rtasida ma'lum bir vaqt hukumat uchun kurash davom etgan. Unda hukumat ta'siri ostida Chon Mon Xun g‘olib chiqqan va bu aka-uka o‘rtasidagi adovatni yanada kuchaytirgan. 2003 yilda Chon Mon Xun 2000 yilda Shimoliy Koreyaga 500 million dollar miqdorida noqonuniy pul o‘tkazganligi bilan bog‘liq mojarolar tufayli o‘z joniga suiqasd qiladi. 

 

Chon Chju Yon shaxsi va tadbirkorlik qarashlari 

Chon Chju Yon - insonning o‘z mehnati evaziga ko‘p narsalarga erishish mumkinligiga yaqqol misol bo‘la oladi.

Konglomeratning muvaffaqiyatlari asosan Chonning tashkilot ichidagi muhit, shuningdek ishchilar, investorlar va mijozlar orasidagi munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Yana bir muhim jihatlardan biri - konglomeratning hukumat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi bo‘ldi. 

Chon Chju Yon innovatsion ishlanmalarga katta e'tibor qaratgan. Dastavval u Janubiy Koreyaning u qadar rivojlanmaganligi sababli texnologiyalarni rivojlangan mamlakatlar va kompaniyalardan olishiga to‘g‘ri kelardi. Natijada u kompaniyaning eng yetakchi yo‘nalishlaridan biri hisoblangan Hyundai tadqiqot labaratoriyalarini ishga tushirdi. 

Hyundai'da shuningdek ishlab chiqarish samaradorligiga ham ulkan e'tibor qaratiladi. 

Chon Chju Yon qattiqqo‘l rahbar bo‘lgan. U layoqatsiz ishchilarga nafaqat so‘z, balki qo‘l ostidagi biror bir buyum bilan hujum qilib qolishi mumkin edi. 

Hyundai'da Chonning davridanoq ko‘plab ajabtovur an'analar qaror topgan. Ulardan biri, masalan, tonggi soat 6:00da umumiy nonushta qilishdir. Tadbirkor o‘zining Seuldagi ilk uyini sotib olib, barcha qarindoshlarini poytaxtga ko‘chirib kelganidan so‘ng shunday odatni yo‘lga qo‘ygan. 

Ishbilarmon Koreya o‘rta toifadagi kishilarsiz mavjud bo‘la olmasligi, aks holda u qullar jamiyatiga aylanishini ta'kidlagan. Chon Chju Yonning fikricha, Hyundai xodimlari qullar emas, shunchaki ko‘p ishlovchi va rivojlangan mamlakatni barpo qiluvchi koreyaliklardan iborat bo‘lgan. 

Aynan Chon Chju Yon Ish o‘rinlari va tayyorlov institutiga asos solgan. Unda barcha xodimlar ta'lim oladi. Muassasaning o‘ziga xos jihati - har qanday xodimning istagan lavozimga da'vogarlik qila olishi. 

Ishbilarmonning sevimli kitoblari Linkoln va Napaleonning tarjimai hollari bo‘lgan. 

Chonning siyosiy qarashlariga to‘xtalmay iloj yo‘q. U butun umri davomida bir xalqning g‘oyaviy sabablarga ko‘ra ajratilmasligini targ‘ib qilgan. U bu muammoni mustaqil ravishda hal qilishga urinib, Shimoliy Koreyani faol investitsiyalashtirishni boshlagan. Aynan uning sa'y-harakatlari bilan 1998 yilda Janubiy Koreya sayyohlarini qabul qiluvchi Kimgam sayyohlik zonasi yaratilgan. Sayyohlar faqat Kimgansan tog‘larini ko‘rish imkonini qo‘lga kiritishgan. Loyiha qiziqish kamligi tufayli daromad keltirmagan.

 

Hyundai'ning Chon Chju Yondan keyingi taqdiri

Ishbilarmon 2001 yilda 86 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. U o‘zidan keyin 6,2 milliard dollar miqdoridagi merosni qoldirdi. Chon Chju Yondan keyin konglomerat atigi ikki yil faoliyat ko‘rsatdi va bir necha qismlarga ajralib ketdi. Ko‘pchilik Chon hayot bo‘lganda bunday bo‘lmasdi deb hisoblaydi, biroq haqiqat shundaki, uning o‘zi ajralish rejasini tasdiqlagan. 

Chonning o‘g‘illaridan biri Chon Mon Gu bugungi kunga qadar Hyundai Motor Group'ni boshqarib keladi. Kompaniya avtomobil, poyezd, turli sohalar uchun uskunalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 

Hyundai Heavy Industries Group'ni esa asoschining yana bir o‘g‘li - Chon Mon Chjun boshqaradi. Bu kompaniya kema va og‘ir texnika ishlab chiqarish sohasida yetakchilik qiladi. 

Hyundai Electronics 2001 yilda qayta nomlanib, Hynix deb yuritila boshlangan. Kompaniya yarim o‘tkazgich va chiplar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Asus, Apple, IBM kabi kompaniyalar uning mijozlari hisoblanadi. 

2001 yilda Hyundai univermaglar tarmog‘i ajralib chiqqan. Bu yo‘nalish Hyundai Department Store Group nomini olgan. Kompaniya Janubiy Koreyaning yirik shaharlarida o‘z do‘konlariga ega. Bundan tashqari, Hyundai Hotel mehmonxonasi hamda televizion va internet savdosiga yo‘naltirilgan Hyundai Home Shopping ham unga qarashli. U keng assortimentdagi tovarlar savdosi bilan shug‘ullanadi. Konglomerat tarqalib ketgandan keyin uni Chonning o‘g‘li Chon Mon Gun boshqara boshladi. 

Chon Chju Yon imperiyasi rasman ajralib ketgan bo‘lsa-da, uning avlodlari avval konglomeratga qarashli bo‘lgan har bir kompaniyada o‘z aksiyalariga ega. 

Umuman olganda, Hyundai'ning Janubiy Koreya taraqqiyotiga qo‘shib kelayotgan ulkan hissasini inkor etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, Chon Chju Yon o‘zi orzu qilgandek ko‘p qirrali imperiyani barpo qilishga muvaffaq bo‘ldi, deb aytish mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: