Britaniyalik xakerlar guruhi 4,8 million routerni buzib qo‘yishgan. Guruh a'zosining so‘zlariga ko‘ra, bu kutilmaganda sodir bo‘lgan, deb xabar qilmoqda Motherboard sayti.
Ma'lumotlarga qaraganda, xaker hamkorlari bilan Mirai botnetining yangi versiyasini sinab ko‘rayotgan bo‘lgan. Xakerlar botnet bilan zararlangan qurilmalar sonini ko‘paytirishni xohlagan vaqtlarida dastur mustaqil ravishda TalkTalk va Post Office provayderlarining routerlarini buza boshlagan.
Motherboard bilan suhbat olib borgan xaker buning uchun uzr so‘ragan va provayderlarga mijozlar uchun yaxshiroq routerlar topishni maslahat bergan.
Mirai — troyan dasturi bo‘lib, turli xil qurilmalardagi kamchiliklarni topish uchun mo‘ljallangan. 2016 yil oktabr oyida noma'lum xakerlar Dyn DNS-xosterlari serverini ishdan chiqarish uchun Mirai dasturidan foydalangan, shundan so‘ng, dastlab AQSh sharqida, keyinroq, boshqa mamlakatlarda ham o‘nlab taniqli saytlar va xizmatlar, jumladan Twitter, PlayStation Network, PayPal tizimlari ishdan chiqqan edi.
Noyabr oyida Deutsche Telekom telekommunikatsiya kompaniyasi 900 mingga yaqin marshrutizatorlar zararli dastur tufayli ishdan chiqqanini e'lon qilgan edi.