Avtomobil harakatini yerosti quvurlariga ko‘chirish taklif qilinmoqda

Fan-texnika 17:56 / 03.12.2016 13063

London PLP Architecture kompaniyasi avtopilotli avtomobillar uchun maxsus yerosti yo‘llar tizimini barpo etish g‘oyasini ilgari surmoqda. Cartube deb ataluvchi tarmoq shahar ostida quvursimon yo‘llarni barpo etishni nazarda tutadi. U tezyurar temir yo‘l qatnovlaridan ham samaraliroq bo‘lishi mumkin. 

Loyiha mualliflarining fikricha, Cartube elektr motor va avtopilot o‘rnatilgan avtomobillarga mo‘ljallangan tor tonnellardan iborat bo‘ladi. Elektrokarlardan foydalanish quvurlarda havo aylanishini ta'minlash bilan bog‘liq murakkabliklarga chek qo‘yishga imkon beradi. Muqobil harakat esa halokatlar hamda yo‘llar to‘silib qolishining oldini oladi. 

Shu bilan birga, yerosti tizimidagi avtomobillar shahar ko‘chalaridagi shaxsiy mashinalar uchun jamoat transportiga qaraganda muqobil bo‘la oladi. Taxminlarga ko‘ra, avtopilotli elektromobillar har bir mijozni belgilangan manziliga yetkazib qo‘ya oladi. 

PLP Architecture kompaniyasining uqdirishicha, yirik shaharlar qarshisida ko‘chalarning haddan ortiq tirbandligi kabi muammolar tobora keskin tus olmoqda, shu bois «o‘zi harakatlanuvchi» avtomobillarning yerosti tarmog‘i bu masalani hal etishda yordam beradi. 

Loyiha mualliflari, shuningdek, Cartube Londonda barpo etilayotgan Crossrail temiryo‘l tizimidan ham samaraliroq bo‘lishini aytishmoqda. Autocar nashriga intervyu bergan PLP Architecture tadqiqotlar bo‘limi rahbari Lars Xesselgrenning ta'kidlashicha, Crossrail soatiga 18 ming yo‘lovchini tashiy oladi. Cartube tarmog‘ida avtomobillar soatiga 65 km tezlikda harakatlana oladi hamda bir soatda 40 ming kishini manziliga yetkazishi mumkin. 

Biroq, hozircha, bularning barchasi loyiha. Kompaniya uni rivojlantirish uchun investorlarni qidirmoqda. PLP Architecture taxminiga ko‘ra, loyiha besh yildan so‘ng, foydalanish uchun tayyor bo‘ladi. 

Ko‘proq yangiliklar: