BAA amirliklar birlashuvining 45 yilligini nishonlamoqda

Jahon 11:49 / 02.12.2016 8433

BAAda Milliy kun — amirliklarning yagona davlatga birlashganligining 45 yilligi nishonlanmoqda. 

Shu munosabat bilan mamlakat bo‘ylab milliy bayroqlar osilgan, binolar qizil, oq, qora va yashil tuslarda yoritilgan. 

Barcha amirliklarda bayram tantanalari bo‘lib o‘tmoqda, kechga borib, keng qamrovli mushakbozlik tashkil etilishi rejalashtirilgan.

BAA rahbari shayx Xalifa Al Naxayyan mamlakat aholisini Milliy kun bilan qutlagan. Uning tabrigida, xususan, BAAning 2021 yilgacha belgilab olgan strategiyasi haqida so‘z boradi. Unga ko‘ra, "huquq va adolat, raqobatli iqtisodiyot, barqaror atrof-muhit, integratsiyalashgan infratuzilmalar, yuqori darajadagi ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimi, bag‘rikenglik va zamonaviylikka asoslangan davlat qurish rejalashtirilgan".

"Biz terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, mojaro va ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha choralarimizni davom ettiramiz",- deyiladi murojaatda. 

Davlat rahbari, shuningdek, "arab mintaqasiga xorijiy aralashuv yuzasidan xavotirlarini bildirgan". Aynan shu holat "ekstremizm o‘chog‘ini paydo qilgan" va "ko‘plab davlatlarning hududiy yaxlitligi va birligiga rahna solgan".

Britaniya protektorati bo‘lgan 6 amirlik: Abu-Dabi, Ajman, Dubay, Umm-al-Kayvayn, Fujayra va Sharjaning birlashuviga doir shartnoma 1971 yil 2 dekabrda imzolangan edi. Yettinchi Ras-al-Xayma amirligi 1972 yilda federatsiyaga qo‘shilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: