Ukrainada eng kam oylik ish haqi va pensiyalar oshirilmoqda

Iqtisodiyot 10:02 / 01.12.2016 7994

Ukrainada 1 dekabrdan eng kam oylik ish haqi va pensiyalar 10 foizga oshirilmoqda.

Shuningdek, hukumat 2017 yilning 1 yanvaridan eng kam oylik ish haqini yana ikki karra oshirishni rejalashtirmoqda. Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko‘ra, dekabrdagi oshirilish ukrainaliklarning hayotiga sezilarli ta'sir ko‘rsatmaydi hamda mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga yordam bermaydi.

Hukumat tomonidan joriy yilda ish haqlari va pensiya miqdori ikki marta oshirilgandi: 1 yanvar va 1 may. Bosh vazir Vladimir Groysmanning ma'lumotiga ko‘ra, 2016 yilda ijtimoiy standartlar umumiy hisobda 16,1 foizga o‘sadi.

Davlat byudjyetiga ko‘ra, 2016 yilning 1 dekabridan bir kishining kun kechirishi uchun zarur pul miqdori bir oyda 1,399 ming griven (55 dollar)dan 1,544 ming grivenga (60 dollardan ko‘proq) oshadi. 

Eng kam oylik ish haqi esa 1,6 ming griven (62,5 dollar)ni tashkil qilishi kutilmoqda. Pensiyalar ham besh dollarga oshiriladi. 

Ijtimoiy siyosat vazirligida ta'kidlanishicha, oshirilish eng birinchi navbatda pensiyalari miqdori 1,4-3 ming griven (55-117 dollar) atrofida bo‘lgan pensionerlarni qamrab oladi. 

Ukrainalik ba'zi siyosiy ekspertlarning fikricha, bu holat qisqa muddat davomida iqtisodiyot va aholiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Biroq, kompleks chora-tadbirlar yo‘qligi sabab ichki bozorda pul yetishmovchiligi kuzatilishi mumkin.

Ma'lumot uchun, Ukrainada doimiy ravishda ijtimoiy standartlarni oshirishni talab qiluvchi namoyishlar o‘tkaziladi. Aksariyat hollarda mitinglar byudjyet tashkilotlari xodimlari tomonidan tashkillashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: