Jahon banki: O‘zbekiston YaIM 2017 yilda 7,4 foizni tashkil etadi

Iqtisodiyot 10:13 / 25.11.2016 8866

Jahon banki prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston Yalpi ichki mahsuloti 2017 yilda 7,4 foizga o‘sadi. Bu haqda JBning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasiga oid yillik hisobotida e'lon qilingan. 

Unda aytilishicha, O‘zbekiston YaIM o‘sishiga xom-ashyo narxlarining pastligi va respublika yirik savdo hamkorlarining zaif iqtisodiy ko‘rsatkichlari salbiy ta'sir etadi. Biroq, mamlakat uning o‘rnini fiskal va monetar siyosat vositasida to‘ldiradi. 

Bank ekspertlarining taxminlariga ko‘ra, aksar mehnat muhojirlarining Rossiyadan qaytgani hamda pul o‘tkazmalari hajmining kamayishi mehnat bozoriga bosim o‘tkazmoqda. 

O‘zbekiston yirik savdo hamkori hisoblangan Xitoy iqtisodiy o‘sishining sekinlashuvi va O‘zbekistonning asosiy eksport mahsulotlari (tabiiy gaz, mis va paxta tolasi) narxining pasayishi O‘zbekiston YaIM o‘sishi pasayishiga qisman ta'sir ko‘rsatadi. 

Jahon banki 2016 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston YaIM 7,3 foizni tashkil etishini taxmin qilmoqda. Kelasi yilda bu raqam 7,4 foizni tashkil etadi. 2018 yilda ham bu raqam o‘zgarishsiz qoladi. 

2016 yilda O‘zbekistondagi pul qadrsizlanishi 2015 yildagi kabi 10 foiz atrofida saqlanib qoladi, 2017 yilda inflyatsiya 9 foizga, 2018 yila 8 foizga tushadi.

2016 yil yakunlariga ko‘ra joriy amaliyotlar bo‘yicha hisob YaIMga nisbatan 1,1 foizni tashkil etsa, 2017 yilda 1,3, 2018 yilda ham 1,3 foizdan iborat bo‘ladi, deyiladi bank hissobotida. 

Bank ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy qarzi 2015 yilgi YaIMning 10,5 foizidan 2016 yilda 15,5 foiziga qadar o‘sadi. 2017 yilda mamlakat qarzi 13,9 foizga, 2018 yilda 12,1 foizgacha pasayadi. 

O‘zbekiston hukumati esa, 2016 yilgi YaIM darajasi 2015 yilgi 8 foizdan farqli ravishda 7,8 foizni tashkil etishini taxmin qilmoqda. 
 

Ko‘proq yangiliklar: