Jahon | 12:54 / 22.11.2016
5343
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT BMT bilan munosabatlarga jiddiy ahamiyat beradi

Foto: © RIA Novosti

Shanxay hamkorlik tashkiloti uchun BMT, uning turli institutlari va idoralari bilan munosabatlarni rivojlantirish va bosqichma-bosqich chuqurlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. BMT Bosh Assambleyasida ma'ruza qilgan ShHT bosh kotibi Rashid Alimov shunday bayonot berdi. 

BMT BA 21 noyabr kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT), MDH va ShHT bilan hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani tasdiqladi. Ushbu uchta hujjat ham dastlabki ovoz berishlarsiz qabul qilingan. 

"BMTning mintaqaviy tashkilotlar bilan samarali aloqalarni rivojlantirishi va mustahkamlashi nafaqat mintaqaviy tuzilmalar, balki BMTning o‘zini ham ma'lum bir ma'noda kuchaytiradi", - degan Alimov. 

U o‘zining chiqishida qayd etishicha, "ShHT tashkil etilganidan beri BMTni global xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha yetakchi xalqaro universal tuzilma, davlatlararo va xalqaro muammolarni hal etish bo‘yicha asosiy maydon sifatida baholab, uning xalqaro ishlarda markaziy muvofiqlashtiruvchi vazifasini kuchaytirish tarafdori bo‘lib keladi".

ShHT bosh kotibining taassuf bilan uqdirishicha, "zamonaviy dunyo tobora xavfli va oldindan taxmin qilib bo‘lmas darajada o‘zgarmoqda, chaqiriqlar va tahdidlar ko‘paymoqda, ularning tabiati va xususiyati murakkablashib boryapti". 

Bosh Assambleyaning BMT va ShHT o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi "o‘zaro hamkorlikning keng qamrovli yo‘nalishlari bo‘yicha choralarni birlashtirishga chaqiradi", - deb qayd etgan Alimov.

"ShHT BMT bilan o‘zaro foydali hamkorlikning har qanday shakliga ochiq hamda qalin va samarali ishlashni davom ettirishga tayyordir", - deya xulosa qilgan ShHT bosh kotibi. 
 

Mavzuga oid