To‘qimachilik sanoati sohasida qiymati 2 milliard 300 million dollardan ortiq 140 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

Iqtisodiyot 13:29 / 21.11.2016 10305

“Bizning bosh maqsadimiz – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan boshlab berilgan demokratik islohotlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni ta'minlash, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishdan iborat” deyiladi nomzodimiz Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturida.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti qariyb 6 barobar o‘sdi, uning tarkibida sanoatning ulushi 14 foizdan 34 foizga yetdi, jahon miqyosidagi global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, yalpi ichki mahsulotimizning o‘sish sur'atlari oxirgi 11 yil davomida kamdan-kam davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelmoqda. 

Mamlakatimiz uchun mutlaqo yangi, yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoat tarmoqlari, xususan, neft-kimyo, kimyo, avtomobilsozlik sanoati, qishloq xo‘jaligi va temir yo‘l mashinasozligi, farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalar izchil rivojlanmoqda. Bugun O‘zbekiston mintaqamizdagi sanoati eng tez rivojlanayotgan, nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarni ham sifatli mahsulotlar bilan ta'minlashga qodir bo‘lgan mamlakatga aylandi. 

Birgina misol. Mustaqillik yillarida “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari tomonidan qiymati 31 trillion so‘mdan ziyod sanoat mahsulotlari, 13 trillion so‘mdan ortiq xalq iste'mol tovarlari ishlab chiqarildi. Korxonalar paxta kalava va gazlama, to‘qimachilik matolari, tayyor kiyimlar ishlab chiqarish bilan birgalikda tibbiyot uchun mo‘ljallangan mahsulotlar va maxsus kiyimlar tayyorlashni ham o‘zlashtirdi. 

Sohada o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi ham mamlakatimiz yengil sanoatining yuksak salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi. 1995 yildan buyon ushbu sohaga qiymati 2 mlrd. dollardan ortiq chet el investitsiyasi jalb etildi. So‘nggi yillarda Germaniya, Shveytsariya, Italiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, AQSh, Hindiston va boshqa mamlakatlar sarmoyadorlari ishtirokida 200 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Keng turdagi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish imkonini beradigan zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. 

Istiqlolimizning ilk yillarida qiymati 7 mln. dollarlik to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, 2015 yilda eksportga 1 mlrd. dollardan ziyod mahsulot yetkazib berildi (143 barobar o‘sgan). Bugungi kunda “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi eksportchi korxonalar soni 260 dan oshdi. Umumiy eksport hajmida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar ulushi 32,2 foizni tashkil qilmoqda va bu ko‘rsatkich muntazam o‘smoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston kabi dunyoning 50 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda. 

Ushbu ko‘rsatkichlar mamlakatimizning yengil sanoat sohasidagi salohiyati naqadar katta ekanidan dalolat beradi. Shu ma'noda, nomzodimizning dasturida mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan va unga ko‘ra qiymati 2 mld. 300 mln. dollar bo‘lgan 140 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgani katta ahamiyatga egadir. Bu o‘z navbatida, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirishga hizmat qiladi.

Ana shunday ulkan vazifalarni amalga oshirish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, uning raqobatdoshligini oshirish, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish bo‘yicha aniq dastur va chora-tadbirlar ishlab chiqqan va ularni ro‘yobga chiqarishga qodir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev nomzodini bo‘lajak saylovlarda qo‘llab-quvvatlashlarini ta'kidlamoqdalar. Barcha yurtdoshlarimizni O‘zLiDeP nomzodiga ovoz berishga chaqiramiz.

O‘zLiDeP Matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: