Shveytsariya kompaniyasi «Navoiyazot»ni modernizatsiya qilishni boshladi

Iqtisodiyot 11:26 / 15.11.2016 8602

Shveytsariyaning Casale SA kompaniyasi O‘zbekistondagi yirik kimyo korxonasi bo‘lgan «Navoiyazot» AJni modernizatsiya qilishga kirishdi. Bu haqda RIA Novosti muxbiri xabar bergan.

Loyihani moliyalashtirish yo‘lga qo‘yilgan, pudratchi texnologik uskunalarni tayyorlashga kirishilgan.

Bu investitsion loyihasini realizatsiya qilish orqali «Navoiyazot»da yillik quvvati 500 ming tonna azot kislotasi ishlab chiqarish tashkil etiladi.

2016 yil boshida Casale «Navoiyazot» bilan qiymati 177 million dollarlik azot kislotasi ishlab chiqarish liniyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolagandi.

Loyihada yangi energetik va texnologik uskunalar asosida azot kislotasi ishlab chiqarish agregatlarini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Modernizatsiyalash asnosida konsentratsiyalanmagan azot kislotasini ishlab chiqarish quvvati 1,4 baravarga – yiliga 500 ming tonnagacha oshadi. Loyihani amalga oshirish muddati 2019 yilning birinchi yarmi etib belgilangan.

Umumiy qiymati 216,7 million dollarni tashkil etuvchi loyiha O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi, xorij kreditlari va mamlakat kimyo sanoati korxonalari faoliyatini nazorat qiluvchi «O‘zkimyosanoat» AJ mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

1964 yilda faoliyat boshlagan«Navoiyazot» AJ zavodi mineral o‘g‘itlar, nitron tolasi hamda organik sintez integral mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Ayni paytda korxonada polivinilxlorid ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik azot o‘g‘itlarini ishlab chiqaruvchi majmuani tashkil etish bo‘yicha loyihalar ham amalga oshirilmoqda.

«Gazeta.uz» ma'lumotiga ko‘ra, joriy yil boshida «Navoiyazot» bazasida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish bo‘yicha majmuasi qurilishi boshlangandi. Xitoyning China CAMC Engineering va HQC Shanghai kompaniyalari konsorsiumi bilan shartnoma imzolangan. Majmuaning yillik quvvati 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda va 300 ming tonna metanolni tashkil etadi.

Shuningdek, Yaponiyaning Mitsubishi Heavy Industries va Mitsubishi Corporation konsorsiumi «Navoiyazot»da ammiak va karbamidni ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshiradi. Yaponiyalik pudratchilar bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, bu yerda har yili 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Ko‘rsatib o‘tilgan loyihalar O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, xorijiy banklarning uzoq muddatli imtiyozli kreditlari hamda «Navoiyazot»ning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Jadvalga ko‘ra, 2019 yilda ishlab chiqarishga kirishiladi. Yangi korxonalarda 1300 dan ziyod ishchi o‘rinlari tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: