X5 Retail Group O‘zbekistondan meva-sabzavot xarid qiladi

Iqtisodiyot 11:23 / 12.11.2016 9857

O‘zbekistonda 8-10 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida xorijiy kompaniya va hamkorlar bilan amaliy uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, shunday muzokaralarning birida «Agro-Layn» va X5 Retail Group o‘rtasida 117 mln dollarlik shartnoma imzolandi, deb yozmoqda Uzdaily.uz sayti.

Qayd etilishicha, X5 Retail Group va «O‘zagroeksport» o‘rtasidagi muzokaralar bir necha oy davom etgan. Iyul oyida X5 Retail Group vakillari O‘zbekiston mintaqalariga tashrif buyurib, taklif etilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari sifatini baholashgan hamda salohiyatli yetishtiruvchilar bilan tanishgan. 

Eslatib o‘tamiz, X5 Retail Group Rossiyaning oziq-ovqat mahsulotlari bilan chakana savdo qiluvchi yetakchi kompaniyasidir. U «Pyaterochka» do‘konlari, «Perekrestok» supermarketlari, «Karusel» gipermarketlari hamda «Perekrestok Ekspress» kabi do‘konlar tarmoqlarini boshqaradi.

X5 Retail Group kompaniyasiga qarashli savdo inshootlari Rossiya Federatsiyasining 53ta hududida joylashgan. Uning tarkibiga – 7 020ta do‘kon («Pyatyorochka» – 6 265, «Perekryostok» – 478, «Karusel» – 90, «uy yaqinidagi do‘konlar» – 187) va 35ta ulgurji savdo markazlari kiradi. 

Shu yil boshidan beri, O‘zbekiston Rossiyaga eksport qilinadigan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari hajmi 2 martaga oshgani ta'kidlangan. 
 

Ko‘proq yangiliklar: