O‘zbekiston Turkmanistonga eksport yetkazmalari hajmini oshiradi

Iqtisodiyot 12:47 / 27.09.2016 11834

26 sentabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Turkmaniston savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar vaqtida ikki tomon ko‘plab turdagi mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Xususan, mashinasozlik, elektrotexnik va kimyoviy mahsulotlar, avtomobil mahsulotlari, jumladan, avtobuslar, maxsus va kommunal texnikalar, paxta teruvchi va boshqa qishloq xo‘jalik texnikalari, qurilish materiallari, qayta ishlangan meva-sabzavot hamda boshqa ko‘plab mahsulotlar eksporti hajmi oshirilishiga kelishib olingan.

Muzokaralarda Turkmaniston delegatsiyasiga savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Dovran Orazmiradov boshchilik qildi.

Yig‘ilishda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar holati va istiqbollari, shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish, transport, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida aloqalarni rivojlantirish hamda qator boshqa masalalar muhokama etildi. 

2015 yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 319,7 mln dollarni, joriy yil yanvar-avgust oylarida esa 177,1 mln dollarni tashkil etdi. Ayni paytda O‘zbekistonda turkman tomoni ishtirokidagi yettita korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular faoliyatidagi asosiy sohalar: savdo va xizmat ko‘rsatish, tekstil sohasi, qoplama materiallar va mebellar ishlab chiqarish sanaladi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlar tegishli bayonnomani imzoladi. Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida transport, ilmiy-texnik, suv resurslaridan samarali foydalanish va boshqa qator masalalarda hamkorlikni mustahkamlashga imkon beradi.

Ko‘proq yangiliklar: