O‘zbekiston Rossiyada savdo uylari ochadi

Iqtisodiyot 20:15 / 27.09.2016 20940

Rossiya federatsiyasining Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida O‘zbekistondan Rossiyaga meva va sabzavotlar yetkazib berish bo‘yicha savdo uylari tashkil etiladi. Bu haqda «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi xabar bergan.

Kompaniya xabarida qayd etilishicha, «O‘zbekoziqovqatxolding» XK va «FinInvest Konsalting» MChJ hamkorligida Sankt-Peterburgda savdo uyi ochiladi. Unda O‘zbekiston vakillari ulushi 51 foiz, Rossiya tomoni ulushi 49 foizni tashkil qiladi. Ayni vaqtda muassislar tegishli hujjatlarni tayyorlab, ularni imzolash arafasida turishibdi.

Shuningdek, «Sibirskiy alyans» kompaniyasi va «O‘zbekoziqovqatxolding» XK  kelishilgan shartnomalarni amalga oshirish maqsadida Moskvada savdo uyi tashkil qilish borasida kerakli hujjatlarni Rossiya Federatsiyasining ro‘yxatdan o‘tish organiga yuborgan.

Savdo uylari ochilishi O‘zbekiston-Rossiya ishchi guruhining O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavotlar yetkazib berish haqidagi muzokaralari natijasi bo‘lgan.

«Sibirskiy alyans» O‘zbekistonda «O‘zmevasabzavotxolding» bilan birgalikda qo‘shma korxona tashkil qilishni rejalashtirgan va shu bilan bir vaqtda O‘zbekistondan olib kelingan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot hamda go‘sht-sut mahsulotlarini  sotish uchun Rossiyaning Ulgurji-taqsimlash markazlari milliy assotsiatsiyasi bilan shartnoma imzolagan.

Hujjat ushbu loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el sarmoyalarini jalb qilishni ko‘zda tutgan. O‘tkazilgan muzokalarlar natijasida O‘zbekistondan olib kelingan mahsulotlarni Rossiyaning «Magnit» («Tender») va X5 Retail Group savdo tarmoqlari orqali sotish haqida ham shartnomalar imzolangan. Shartnoma qiymati 10 mln dollarni tashkil etishi aytilgan.

Shuningdek, «Agro-Layn» bilan muzokaralar olib borilmoqda. Tomonlar O‘zbekiston hududida oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va qadoqlash ishlari olib borish bilan shug‘ullanuvchi qo‘shma korxona tuzishni mo‘ljallagan.

Biroz oldin, O‘zbekistondan olib kelinayotgan meva-sabzavotlar uchun bojxona nazorati va fitosanitar rasmiylashtirish jarayonlarining osonlashtirilgani haqida xabar berilgan edi.

Ko‘rilgan ushbu choralar va kelishuvlar natijasida bu yil O‘zbekistondan Rossiyaga olib kelinayotgan mahsulotlar hajmi 2 baravar o‘sgan.

Shunga qaramasdan ayrim muammolar ham kuzatilmoqda. Ular orasida mahsulot tashish narxi va Yevroosiyo mamlakatlari orqali tranzit o‘tish tariflari qimmatligi hamda chegara karantin muddati uzoqligi qayd etilmoqda. Shuningdek, mahsulot kam miqdorda olib kelinganda uning narxi qimmatlashib ketishi ham qayd etilgan.

O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilning yanvar-iyun oylarida meva-sabzavot eksporti hajmi 30 foizga oshdi,  shundan Rossiya ulushi 60-65 foiz.

Ko‘proq yangiliklar: