Toshkentda “Poligrafiya va qadoqlash – O’ZBEKinPRINT – O’ZuPACK – 2016” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Iqtisodiyot 18:21 / 16.09.2016 6532

Toshkentda “Poligrafiya va qadoqlash – O’ZBEKinPRINT – O’ZuPACK – 2016” hamda “Kimyo va plastmassa sanoati – Chemie & Plastex Uzbekistan – 2016” xalqaro ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi  va “ITE Uzbekistan” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmalarda turli mamlakatlardan ellikdan ortiq kompaniya qatnashdi.

“Poligrafiya va qadoqlash – O’ZBEKinPRINT – O’ZuPACK – 2016”  o‘n sakkizinchi xalqaro ko‘rgazmasida tarmoqdagi eng so‘nggi yutuqlar namoyish qilindi. Bosma mahsulotlar tayyorlash uchun ixcham texnologiyalar, yirik chop etish uskunalari, ikkilamchi materiallar, buyoq mahsulotlari hamda kompaniyalarning dasturiy mahsulotlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchi kompaniyalar bosma mahsulotlarga bo‘lgan buyurtmalarni kichik, o‘rta va ommaviy tirajda tayyorlab beradi. Bu milliy iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi yirik sanoat obektlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun juda qulaydir. 

Bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekistonda 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishda tuzilmaviy o‘zgarishlar, modernizatsiya va diversifikatsiyalashni ta'minlashga qaratilgan loyihalar bo‘yicha 410 dan ziyod yangi korxona tashkil etish hamda 450 dan ortiq korxonani modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash mo‘ljallanmoqda.

“Kimyo va plastmassa sanoati – Chemie & Plastex Uzbekistan – 2016” xalqaro ko‘rgazmasida taklif etilgan mahsulotlar va uskunalar o‘ziga xosligi bilan alohida ahamiyatga ega. Zero, plastmassalar va polimerlar industriyasi yil sayin mavqeini mustahkamlab bormoqda. Chunki plastmassa qimmatbaho metallar, beton va yog‘och konstruksiyalar, po‘lat o‘rnini bosib, materiallarni tejash, tannarxni arzonlashtirishda qo‘l keladi.   

Ko‘rgazmalarda Germaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Tayvan, Hindiston va boshqa davlatlardan yirik kompaniyalar o‘z mahsulotlari, xizmatlari bilan ishtirok etdi.

 

Ko‘proq yangiliklar: